01

Kredit tariximni qayerdan tekshirsam bo‘ladi. Umuman uni olish tartibi qanday shakllangan?

Kredit tarixi — bir so‘z bilan aytganda, qarzdorning so‘nggi besh yil ichidagi o‘z oldidagi majburiyatlari baja olishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardir. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, bu sizning qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizomingiz belgilaydi.

Kredit tarixi sizni avvalgi olgan kreditlaringizdan qarzingiz bor-yo‘qligini ko‘rsatadi.

“Kredit-axborot tahliliy markazi” Kredit byurosidan siz hech qanday sabablarni ko‘rsatmasdan, yiliga faqat bir marta bepul o‘z kredit tarixingiz to‘g‘risidagi ma’lumotni olish huquqiga egasiz. Qo‘shimcha kredit hisobotini olish narxi esa Bazaviy hisoblash miqdorining 0,05 barobarini tashkil etadi.

Shuningdek, kredit tarixini elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — My.gov.uz veb saytidan bilib olishingiz mumkin.

02

Kredit skoringi nima? Va umuman uning kredit tarixidan farqi nimada?

Kredit skoringi — bu Sizning kreditni to‘lay olish qobiliyatingizni ballar berish orqali baholash tizimidir. Ya’ni, 500 ballik tizimda baholanadi. Sizga beriladigan ballar muddati o‘tgan qarzdorlikning mavjud yoki yo‘qligi, shuningdek, daromadlarga, faoliyat turiga, yosh va turmush holatlari hamda boshqa shu kabi omillarga bog‘liqdir.

Ya’ni, kredit skoringi, sizning nafaqat avvalgi kreditlardan qarzingiz bor yoki yo‘qligini, balki sizning daromadingiz qanday, yoshingiz, olinayotgan mablag‘ni qaytarish loyoqatingiz qay darajadaligini baholaydi.

Skoring ballini oshirish uchun o‘z kredit tarixingizni kuzatib borishingiz, qarz yuki hajmini ko‘paytirmasdan, majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarib borishingiz zarur. Bu borada kichik eslatma:

  • Kreditni qaytarish jadvalga muvofiq sanalarini yodda saqlashga harakat qiling
  • Har safar to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng bank mobil ilovasi yoki veb-saytdagi o‘zingiznishaxsiy kabinetingiz orqali tekshirib boring.

03

Men pensionerman. Bankdan kredit olsam bo‘ladimi?

Respublikamizda pensionerlar uchun ham ajratiladigan kreditlar mavjud. Ular Xalq bankining ta’minotsiz pensiya-overdraft kreditidan foydalanishi mumkin.

Ushbu kredit summasi pensiya miqdorining 50 foizigacha, ammo bazaviy hisoblash miqdoringning to‘rt baravaridan ko‘p bo‘lmasligi belgilangan.

  1. Pensionerlarga mazkur kredit turi 12 oy muddatga beriladi.
  2. Foiz stavkasi — yillik 17 foizdir.

Bank tomonidan talab etiladigan zarur hujjatlar — ariza va pensionerning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasidir

Shu bilan birga, hozirda respublikamizdagi boshqa tijorat banklari ham o‘z ichki kredit siyosatidan kelib chiqib pensionerlar uchun mikroqarz, iste’mol kreditlari ajratishi mumkin. Ularning aniq shartlari esa tijorat banklarining rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatib o‘tilgan.

04

Yosh tadbirkorlarga innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladimi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 -iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi (PF 6260-son) farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan “Yoshlarning innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun” kredit mablag‘lari ajratilmoqda.

Mazkur kredit summasi — 270 mln so‘mdan 540 mln so‘mgacha, kredit muddati — 7 yil, 3 yillik imtiyoz davri bilan beriladi

Ushbu kredit shartlari bo‘yicha yanada to‘liq ma’lumotni, Milliy bankning rasmiy veb-saytidan olishingiz mumkin.