“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 62-moddasiga asosan, Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan joriy yilning mart-aprel oylarida barcha viloyatlarda 24 ta tijorat bankining 196 ta muassasasida bank xizmatlari qonunchilikka muvofiq koʻrsatilishiga doir nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

Nazorat tadbirlarida tijorat banklari tomonidan iste’molchilar bilan oʻzaro munosabatlarda 500 dan ortiq qoidabuzarlik holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlangan. Bular asosan:

  • kredit va omonat turlari toʻliq oshkor qilinmagan va ularning shartlari yuzasidan batafsil axborotlar, shuningdek, kredit va muddatli omonatlarning asosiy shartlari toʻgʻrisidagi axborot varaqalari taqdim etilmaganligi;
  • bank kartalari orqali toʻlovlarni qabul qilish va bank kartalaridagi mablagʻlarni naqdlashtirib berish rad etilganligi hamda ushbu xizmatlarni koʻrsatishda bank kartasini taqdim etuvchiga kartaning “PIN-kod"ini mustaqil terishga imkon yaratib berilmaganligi holatlarini tashkil etadi.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻygan 22 ta bankka (Xalq banki, Agrobank, Mikrokreditbank, Qishloq qurilish bank, Turonbank, Ipoteka-bank, Savdogarbank, Trastbank, Kapitalbank, Milliy bank, Aloqabank, Oʻzsanoatqurilishbank, Oriyent Finans bank, Hamkorbank, Asaka bank, Universalbank, Infinbank, Tenge bank, Anorbank, Davrbank, Madad Invest bank va Ravnaq bank) bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish hamda bunday holatlar kelgusida takrorlanmasligi yuzasidan choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborildi.

Shuningdek, qoidabuzarliklar yoʻl qoʻyilishiga sababchi boʻlgan 195 nafar bank xodimlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq intizomiy jazo choralari koʻrilib, shundan 145 nafar bank xodimlariga nisbatan xayfsan, 48 nafar xodimlariga nisbatan oylik ish haqidan jarima va 2 nafar xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish choralari qoʻllanilgan.

Qayd etish lozimki, murojaatlar oʻrganilganda, banklar va iste’molchilar oʻrtasida nizolar kelib chiqishiga kreditlar toʻgʻrisidagi dastlabki axborotlarning oʻz vaqtida toʻgʻri va toʻliq taqdim etilmasligi ham sabab boʻlayotganligini koʻrsatmoqda. Misol uchun:

  • kredit qarzdorligi belgilangan muddatlarda toʻlanmaganda, muddati oʻtgan kreditga nisbatan yuqori (oshirilgan) foiz stavkada foizlar hisoblanishi koʻzda tutilganligi va natijada qarz oluvchining qarz miqdori oshib ketishi;
  • qarz oluvchilar tomonidan kreditlar oʻz vaqtida soʻndirilmaganda, ushbu kredit boʻyicha toʻlovlar kafil boʻlgan shaxslarning hisobvaraqlaridan yechib olinayotganligi kabi holatlardir.

Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati iste’molchilar bank xizmatlari toʻgʻrisidagi axborotlarni olishlari va xizmatdan foydalanish boʻyicha oqilona qaror qilishlari uchun tijorat banklarini mas’uliyatli kreditlash tamoyillariga muvofiq bank xizmatlarini toʻliq oshkor qilishga va ularning shartlarini batafsil tushuntirishga chaqiradi.