Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, nizomda quyidagi tushunchalar nazarda tutilgan: avans to‘lovi, zakalat, davlat buyurtmachisi, davlat xaridlarining reja-jadvali, davlat xaridlarining elektron tizimi va boshqalar.

Nizom quyidagilarni belgilaydi:

  • davlat xaridlarini elektron shaklda o‘tkazishning umumiy qoidalari va shartlari;
  • xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari hamda davlat xaridlarini o‘tkazish mezonlari va tartiblari;
  • boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun o‘tkaziladigan auksion orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlarni yetkazib berish muddatlari;
  • eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha xarid qilish hujjatlarida ishtirokchilarning asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi to‘g‘risidagi talab;
  • hadli kelishuv tartib-taomili orqali davlat xaridlarini amalga oshirish shartlari;
  • to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi;
  • davlat buyurtmachilari tomonidan tuzilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi shartnomalarning yagona reyestrini yuritish qoidalari.

Avvalroq Spot joriy yilning yanvar-mart oylarida davlat xaridlari portalidagi xaridlarning umumiy qiymati 467,1 mlrd soʻmni tashkil etgani, auksionda eng koʻp kompyuter, elektron va optik uskunalar sotilayotgani haqida yozgan edi.