Yashnobod texnoparki biznes-inkubatsiya dasturining ikkinchi toʻlqiniga ariza topshirish muddatini uzaytirdi. Bu haqda Innovatsiyalar vazirligi yozmoqda.

Avvaliga arizalar qabulini 31-may kuni yakunlash rejalashtirilgan edi. Biroq ishtirok etishni xohlovchilar uchun yana uch oy qoʻshishga qaror qilindi.

Dasturda 18 yoshdan oshgan yoshlar, yangi ish boshlagan tadbirkorlar, talabalar va tadqiqotchilarning tashabbuskor vakillari ishtirok etishlari mumkin.

Biznes-inkubator ishtirokchilari uch oy davomida ilmiy gʻoyadan biznes-model yaratishni, soʻngra uni amalga oshirishni oʻrganadilar. Ular investorlar bilan ishlash sohasida ham amaliyot oʻtaydi.

Mashgʻulotlar Oʻzbekistondagi yetakchi mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan olib boriladi, har bir ishtirokchiga tajribali biznes-ustozlar biriktiriladi.

Dastur yakunida demo kuni oʻtkaziladi, unda dastur ishtirokchilari investorlarga oʻz gʻoyalari, loyihalari va biznes rejalarini taqdim etishlari mumkin boʻladi.

Biznes-inkubatorda ishtirok etish uchun Yashnobod texnoparki saytida ariza qoldirish kerak. Ariza topshirish muddati 31-avgustgacha uzaytirildi.

Texnopark 2021-yilning kuzida inkubatorning birinchi toʻlqinini ishga tushirdi. Darslar dekabrdan fevralgacha oʻtkazildi, demo kuni 28-martda boʻlib oʻtdi. Finalda 14 ta jamoa ishtirok etdi, ulardan beshtasi gʻolib boʻldi.

Bungacha Innovatsiyalar vazirligi Oʻzbekiston va Vengriya startaplarining qoʻshma tanloviga arizalar qabul qilish muddati uzaytirilgani haqida xabar bergan edi. Ilgari ariza topshirish muddati 1-iyun edi, endilikda 31-iyul.

Avvalroq Spot nashri 26-iyunga qadar Tumaris.Techʼdan maxsus ayollar inkubatsiyasi va akseleratsiya dasturlari uchun arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar bergan edi.