Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan amaldagi 20 dan ziyod qonun, jumladan 4 ta kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Xususan, Yer kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, hokimliklarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berish boʻyicha ochiq elektron tanlov yakunlarini tasdiqlash vakolati chiqarib tashlandi.

Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisida Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridan elektron koʻchirma beriladi (ilgari guvohnoma).

Shuningdek, yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi organlari yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan xabardor qilgandan keyin yer uchastkasiga boʻlgan huquqni bekor qilish haqida sudga daʼvo arizasi kiritishi belgilandi.

Boʻsh turgan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari fermer xoʻjaligini yuritish uchun ochiq elektron tanlov orqali beriladi (ilgari ochiq tanlov asosida).

Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun fuqarolarga yer uchastkalarini berish tartibi fuqarolarga yakka tartibdagi bogʻdorchilik, polizchilik va chorvachilik uchun yer uchastkalarini ajratishga nisbatan ham tatbiq etiladi.

“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida"gi Qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, nogironligi boʻlgan shaxslarning va oʻz tarkibida nogironligi boʻlgan shaxs bor oilalarning elektron onlayn-auksionlar vositasida yer uchastkalarini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.

Avvalroq koʻchmas mulk obyektiga kadastr pasportini berish tartibi eʼlon qilingan edi.