Bugun Internet tarmogʻida Uzbekistan Airways Safe Takeoff kompaniyasining 30-yilligini nishonlash maqsadida oʻtkazilayotgani tanlov haqida yolgʻon maʼlumotlar keng tarqaldi. Ushbu tanlov doirasida 3 000 000 soʻm pul mablagʻi va sovgʻalar oʻynalishi eʼlon qilingan.

“Uzbekistan Airways yoʻlovchilardan plastik karta maʼlumotlari notanish saytlarga va havolalarga kiritmaslikni va bunday firibgarlardan ehtiyot boʻlishni soʻrab qoladi. Eslatib oʻtamiz, Uzbekistan Airways tanlovlarni faqat ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida oʻtkazadi”, deyiladi xabarda.

Shu oʻrinda barcha fuqarolarimizdan shaxsiy maʼlumotlarni hamda bank plastik karta raqamlarini hech kimga aytmaslikni tavsiya qilamiz. Bu kabi firibgarlik tuzoqlariga tushib qolmaslikning yagona yoʻli — hushyor boʻlish hamda yolgʻon aksiya va tekin mablagʻlar haqidagi xabarlarga ishonmaslik. Ogoh boʻling!