“Oʻzbekiston temir yoʻllari"AJning xabar berishicha, 2022-yil 23-iyundan boshlab 5/6-sonli “Toshkent — Samara — Toshkent” yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdining harakatlanishi boshlanadi.

5/6-sonli “Toshkent — Samara — Toshkent” poyezdi haftaning payshanba kuni soat 19:05da “Toshkent-Markaziy” temir yoʻl vokzalidan joʻnab ketadi va shanba kuni soat 18:14da Rossiya Federatsiyasining “Samara” temir yoʻl vokzaliga yetib boradi. Shuningdek, Samaradan yakshanba kuni soat 16:11da joʻnab ketib, “Toshkent-Markaziy” vokzaliga seshanba kuni soat 16:56da yetib keladi.

Maʼlumot uchun, Toshkentdan Samaragacha temir yoʻl orqali boʻlgan masofa 2271 km ni tashkil etadi. Poyezd 48 soat davomida harakatlanadi. 5/6-sonli “Toshkent — Samara — Toshkent” yoʻnalishida yoʻlovchi poyezdi 11 ta vagondan iborat: 3 kupe, 7 platskart va vagon-restoran.

Chipta narxi toʻgʻrisidagi maʼlumotni, sotuv muddatiga qarab chegirmalarni hisobga olgan holda, www.chipta.railway.uz, www.e-ticket.railway.uz saytlari orqali bilib olish mumkin.

Eslatib oʻtamiz, elektron chipta sotib olish arzonroq boʻladi, negaki kassa badali toʻlanmaydi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, qoʻshimcha maʼlumotlarni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yoʻl kassalari hamda maʼlumotlar byurosidan bilib olish mumkin.

Avvalroq Spot Toshkent — Dushanbe yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl qatnovi qachondan ishga tushirilishi haqida yozgan edi.