Sherzod Jalolov — O’zbekistondagi birinchi avtoblog muallifi hamda “VIP auto services” detailing markazi hamta’sischisi, “Megawatt motors” ambassadori, infyuenser. Oliy ma’lumotli. Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti bakalavr va magistr bosqichini tamomlagan. Qahramonimiz o’z qiziqishlarini daromadli biznesga aylantirishga qadar bo’lgan yo’l haqida so’zlab berdi.


Deklarant yordamchisidan avtoblogerlikka qadar yo’l

11-yillik maktab ta’limidan so’ng Iqtisodiyot universitetiga (Narxoz) o’qishga kirdim. O’sha paytlarda o’qishdan ham ko’ra, oliy ta’lim muassasasiga kirish muhimroq edi. 3-bosqichdan boshlab Sergeli mashina bozorini boshqaruvchi MCHJ’da ish faoliyatimni boshlaganman.

Avtoblogning yaratilishiga qadar 10 ga yaqin sohada o’zimni sinab ko’rganman. Bunda yuridik departamentda hujjat yuritishdan tortib deklarant yordamchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatga (eksport, import) doir vazifalarni bajarganman.

Bir tomondan xususiy sektorda ko’p funksiyalilikka asosida ishlashim meni “universal jangchi” bo’lib shaklllanishimda muhim rol o’ynagan.

Boshqa tomondan esa, ko’p sonli mijozlar oqimi bilan ishlash, har xil xarakterga ega injiq insonlar bilan murosaga kelishish katta energiya talab etadigan ish edi. Ammo ko’p funksiyalilik kelajakda qanday soha egasi bo’lishingizdan qat’iy nazar, muammolarni tezda hal qilish, stressga chidamlilik kabi qobiliyatlarni shakllantiradi va sizning foydangizga xizmat qiladi.

Hujjatlar bilan bog’liq tajribam davomida tarjimonlik ham qildim. Moliyaviy erkinlikka erishish yo’lida qurilish sohasida ham ishladim. Kabel kanalizatsiyasi tarmoq turida o’z jamoam bilan birga ishladim. Shunday vaqt yetib keldiki, bu sohada boshqa rivojlanish istiqbolini ko’rmadim.

Yangi darajaga chiqish uchun qurilish sohasida yetarli bilimim mavjud emasligi va atrofimdagilar bu narsaga tayyor emasligini hisobga olgan holda, boshqa yo’nalishni tanlashga hamda o’zim uchun butkul yangi imkoniyatlarni ochishga qaror qildim.

Foto: Zafar Samatov / Spot

2018-yilning avgust oylarida tasavvurimda mavjud bo’lgan oxirgi $100 mablag’ni SMM kurslari uchun to’laganman. Aytishim kerakki, Social Media Marketing’ni o’rganish pul topish yoki vaziyatdan chiqish uchun yagona yo’l emas. Ikki hafta davomida kurslarni o’qib, tamomladim. SMM sohada bir vaqt ishladim, ammo menga jamoa yoqmadi va “buyuk SMMchi” bo’lish fikridan qaytdim.

O’sha yilning oktyabr oyida Troll.uz blogining muallifi Umid Gafurovning reklama agentligiga kopirayter kerakligi haqida e’longa ko’zim tushdi. Rezyume jo’natdim. Biroz vaqt o’tgach, o’zim telegram orqali aloqaga chiqdim. Meni suhbatga chaqirishdi. Men bilan Umid akaning o’zi suhbat qurdi. Barcha savollarga javob olgach, u meni ishga qabul qildi.

Ishlab yurgan vaqtimda ham moliyaviy erkinlikka ega bo’lishning nisbatan osonroq yo’llarini qidira boshladim. Marketing bo’yicha qayta ta’lim olish, tajriba orttirish va yetarlicha mablag' topish mendan kamida 2 yilni talab etardi.

Shuni hisobga olgan holda, biz uchun “umumiy andoza” ga ega davlat — Rossiya federatsiyasida bo’layotgan tendensiyalarni diqqat bilan kuzatib borardim. Bloging rivoji ayni avjida edi. Bizda ham bozori chaqqon va uzoq muddatli yashovchi sohani qidira boshladim.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Kopirayter bo’lib ishlagan muhitim o’zimga juda yoqqan: hamksablarimdan o’zimga kerakli bilimlarni olganman va g’oyalarni shakllantirganman.

Va nihoyat, 2019-yilning yanvar oyida “Choynakning qopqog’i” blogining birinchi sonini suratga olib, kanalga joylashtirganman. O’shanda oddiy telefonda Mi Proda videoni tahrirlaganman. Shunday qilib, uzoq muddatli, sevimli zamonaviy kasb egasiga 30 yoshdan keyin kirib kelganman.


Nega aynan “Choynakning qopqog’i”

Bilasizmi, biznesning katta yoki kichik sohasi bo’lmasin barchasiga marketing asoslari talab etiladi. O’sha paytda menda bu boradagi fundamental bilimlar bazasi bo’lmagan. Tanilish uchun asosan, promotion kompaniyaga katta pul tikish yoki brend yuzi bo’lgan shaxsning xarizmasi bo’lishi talab etiladi.

Menda ikkala tomondan ham imkoniyat yuqori bo’lmagan. Shunda avtoblog sohasida sof o’zbek tilida yuritiladigan shaxs yoki kanal yo’qligi, shuningdek, bozor o’zlashtirilmaganligi hisobiga original kontent yarata oldim deya hisoblayman.

Foto: Avtoblog brendi

Umid Gafurov o’shanda bu nom bilan mendan hech kim reklama sotib olmasligini, nomni o’zgartirishimni maslahat bergan. Ammo o’z fikrimda qat’iy turganman.

Xalqimizning ko’ngliga kirib borish uchun, hazil — mutoyiba, sarkazm va biroz qiziqroq uslubda fikrni izohlash zo’r foyda beradi.

Menda ham eshitganda, noan’anaviy va yodda qolishi ozon bo’lgan nom tanlangan. “Naming” mentalitet va xalqning o’ziga xos qadriyatlarini hisobga olgan holda tanlangan.

Ko’ruvchi auditoriyamning aksariyat qismini erkaklar tashkil qilganligi va mashinaga bo’lgan qiziqishning yuqoriligi blogning rivojiga o’zining hissasini qo’shgan.

Mahsulotlarni joylashtirish uchun qulay platforma tanladik. Youtube biz uchun eng qulayi bo’ldi. Instagramda esa tayyor videoning ayrim qismlari aks etadi xolos.

Avtoblogni xalq orasida tanilishiga BMW X7 mashinasi uchun qilgan video sabab bo’ldi.

Tayyorlayotgan har bir materialimizni chuqur tahlil qilib, xatolarsiz tinglovchiga yetkazib berishga harakat qilamiz. Avtoblogning qiziqarli video bo’lishidan tashqari, aholi o’rtasidagi texnik savodxonlikni oshirishga hissa qo’shishini juda xohlaymiz.

Foto: Shaxsiy arxivdan


VIP auto services haqida

VIP services — sheriklikka asoslangan detailing markazi. Bu Rossiyadan olib kelishgan “Black Star car washing” detailing markazidagi avtomobillarga xizmat ko’rsatish studiyasi.

Biznes tashkil etilganiga bir yildan oshdi. Black Star’dagi yangi markazimizga 2022-yilning yanvar oyida kelib joylashganmiz. Ijara narxi oyiga $1500 ni tashkil etadi.

O’zini — o’zi qoplash haqida so’z yuritsak, buni quyidagicha izohlagan bo’lar edim:

Qo’shimcha daromad topish faqatgina reklama bilan bog’lanibgina qolmasdan diversifikatsiyalashgan boshqa sohani ham o’z ichiga olishi kerak deya hisobladim. Buning ostida shaxshiy brendni tanitish masalasi ham turibdi. VIP — fikrimcha, shaxsiy brendni rivojlantirishga hissa qo’shuvchi qo’shimcha vosita.

Chunki kelyotgan mijozlarimiz premium sinfdagi avtoulov egalari, blogimiz orqali ko’rib kelishgan va ularning xohishini tushunib, xizmat ko’rsatish bizga yana qo’shimcha mijozlar oqimini jalb qilishga ko’maklashadi.

Biznesni do’stim Begzod Shayunusov bilan birgalikda boshlaganmiz. Undagi bor tajriba bilan ishni yo’lga qo’ygandim. Boshlang’ich investitsiya $4000 ni tashkil etgan. Birinchi ijaradagi studiyamiz 100 kv.metr bo’lgan. O’sha paytda topilgan foydani qayta reinvestitsiya qilishga kelishib olganmiz.

Bitta mashina uchun o’rtacha $400 — $500 chek chiqadi. Bir oylik aylanma $4500 — $5000 ni tashkil etadi.

Barcha mahsulotlarni sifatli va birinchi qo’llardan xarid qilamiz.

Foto: Zafar Samatov / Spot

VIP markazida 4 kishi doimiy ishlaydi. Xodimlarni suhbat asosida qabul qilamiz. Nomzodda texnik bilimlar, ish tajribasi, malakali xizmat ko’rsatuvchi bo’lish va eng asosiysi jamoada ishlay olishi biz uchun muhim.

Soft skills bo’yicha qat’iy talablar qo’yilmagan. Ammo samimiyat va stressga chidamlilikka ega xodimlar bilan kelishib ishlash osonroq kechadi.

Ishchilarga yo’l haqqi va tushlikdan tashqari fix oylik belgilanmagan. Bizda KPI bo’yicha maosh belgilanadi.


Raqobat va targ’ibot

Bu sohaga kirib kelganimda o’zbek tilida ish yuritadigan Youtubedagi “Uzobzor” loyihasi bor edi. Auditoriyasi hozirda bir millionga yaqinlashib qolgan. O’sha paytlarda raqobat nolga teng bo’lgan. “Uzobzor” bilan men qilayotgan loyiham o’zaro kesishmas edi. Unda telefonlar, narx — navo haqida bo’lsa, menda avtomobilning ma’lum bir modeli haqida barcha detallari bilan sharhlarga ega video bo’lgan.

Hozirga kelib raqobat 10% ga kuchaydi deya ayta olaman. Shunday bo’lgan taqdirda ham, ularning aksariyati mayda blogerlar va vaynerlarning kontent mahsulotidir.

Raqobatchi sifatida aynan kimnidir ko’rmaymiz, chunki bozor o’zlashtirilmagan. Ammo sifatli kontent va professional darajada material tayyorlay oladigan sohadoshlar chiqishini juda xohlardim.

Bu bizni ham o’sishimizga, yangi g’oyalarni generatsiya qilishimizga katta turtki bo’ladi. Hammaga ma’lum bo’lganidek, raqobat bor joyda o’sish kuzatiladi.

Foto: Zafar Samatov / Spot

Targ’ibotga keladigan bo’lsak, avtoblogimizning yaxshi auditoriyasi bor. “VIP” uchun esa sarafan radiodan foydalanamiz. Instagramdagi ishchi sahifamizga ma’lumotlar berib boramiz. Ammo SMM jamoa yo’llamaganmiz. SMM qanday ishlashini bilganim uchun o’rtacha talab etiladigan $1000 ni havoda sarflashni xohlamadim.

Bu soha oxirgi vaqtda shunday rivojlanib ketdiki, kursni oxirigacha o’qib tugatmaganlar o’zini professinal vakil sifatida tanishtirib pul ishlay boshladilar.

Mayda jamoalarning kichik tadbirkorlarga kerakli tomoni bor. Chunki barcha o’zining moliyaviy holatidan kelib chiqqan holda SMM jamoa yollaydi.

Shu o’rinda bir narsani aytib o’tmoqchiman, siz qaysi sinf (qatlam) vakillari uchun material tayyorlasangiz, ishingizga professioanl yondashsangiz, sizning obunachilaringiz va mijozlaringiz ham shu qatlam vakillaridan chiqadi.


Elektromobillar bozori

Elektrobillar bozori shiddat bilan rivojlanmoqda. O’zbekistonda oxirgi besh oy davomida 200 dan ziyod elektromobil olib kelingan. Ularning aksariyati Xitoydan import qilinadi.

Yaqin o’n yillikda tahlillarga asoslanib gapiradigan bo’lsam bu sohada katta “boom” bo’lishi kutilmoqda. O’zbekistonda keyinchalik aholining 35% elektromobillarga o’tishi mumkin.

Ammo buning uchun birinchi navbatda aholini “tarbiyalash” kerak. Quvvatlash uskunalarini hududlarga proporsional ravishda oshish va ularga xizmat ko’rsatuvchi markazlar va xodimlarni shakllantirish kerak. Bu ancha vaqt talab qiladigan hodisa.

Elektromobillarga qiziqish yuqori, ammo uzoq yillar xizmat qiluvchi avtoulovni sotib olish uchun aholining iste’mol quvvvati yetarli emas. Menga ko’plab savollar berishadi: arzonrog’idan sotib olsam bo’ladimi deb. Bunga darhol yo’q deya javob beraman. Chunki sifatli mashinaning qismlari qimmat material va kimyoviy elementlar, rudalardan tayyorlanadi. Shuning uchun, bu turdagi mashinalarni sotib olishga extiyotkorlik va texnik bilim talab etiladi.

Balki bizda Xitoydan import tovarlarini olib keluvchilar faqat o’zlarining sohalari bilan shug’ullanishni boshlaganlarida, sifatli elektromobillar sotuvi bilan bog’liq biznesni ham yo’lga qo’yarmiz.

Foto: Zafar Samatov / Spot


Rejalar

Yaqin kelajakda OAV shaklida avtomobil bozorini sharhlash uchun ruxsatnoma olishni reja qilganmiz. Shuningdek, avtoulovlar haqida batafsil ma’lumot beruvchi ma’lumot portalini ham ishga tushirish niyatidamiz.

Saytni texnik ta’minoti va domen masalalari yakunlangan. O’zbek va rus tillarida yuritadigan xodim bilan ham gaplashib qo’yganmiz. Albatta talablarga moslik asosida, kreativ va avtomobillarni tushunadigan insonni suhbat asosida qabul qilganmiz.

Maslahatlar. Hozirgi vaqtda moliyaviy erkinlikka erishishga harakat qilayotgan va daromadini oshirishni istayotgan yoshlar soni ko’p. Ularga beradigan maslahatim shuki, hech qachon bitta nuqtada qotib qolish kerak emas.

Agar ilhom kelmayotgan yoki bajarayotgan ishingiz, muhit sizga yoqmasa u yerdan ketishni maslahat beraman. Yangi soha yoki oroginal kontent topganingizda sizni ustingizdan kuladigan, sizga qarshi fikr bildiradiganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Tavakkal qilib ko’rsangizgina natijani ko’rasiz. Agar muvaffaqiyatsizlik bo’lsa bu keyingi biznes uchun yaxshi dars bo’ladi.


Intervyuni suratga olishda yaqindan yordam berganligi uchun Spot ma’muriyati “VIP” detailing markaziga minnatdorchilik bildiradi.