“Huquqiy axborot” kanali xabariga koʻra, yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qoʻyish jamoat ehtiyojlari deb eʼtirof etiladi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ular faoliyat koʻrsatishi uchun yerlar berish;
  • xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
  • respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yoʻllarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temiryoʻl transporti obyektlarini, koʻpriklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimi muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalari obyektlarni davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
  • davlat investitsiya dasturlarida koʻrsatilgan davlat taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalari binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.

Yer uchastkalari har qanday boshqa maqsadlarda olib qoʻyilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish sifatida talqin etish taqiqlanadi.

Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy kengash yer uchastkasini olib qoʻyish boʻyicha tashabbusni dastlabki tarzda koʻrib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq oʻtkaziladi.

Mahalliy kengash yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiya shartlari, turlari va miqdori boʻyicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi.

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida koʻchmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.