Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Sergey Krasnov boshchiligidagi Rossiyaning yirik “Аэропорты Регионов” xoldingi vakillarini qabul qildi.

Uchrashuvda rekonstruksiya va modernizatsiya qilish orqali Fargʻona aeroportini rivojlantirish istiqbollari hamda “Аэропорты Регионов” xoldingining bu jarayonda ishtiroki imkoniyatlari muhokama qilindi.

Fargʻona vodiysi viloyatlari hamda qoʻshni mamlakatlarning chegaradosh viloyatlari aholisi sonini hisobga olganda, Fargʻona shahri aeroportini kengaytirish hamda modernizatsiya qilish istiqbolli loyiha ekani qayd etildi.

Shuningdek, kelgusida Fargʻona aeroportini Yevropa va Osiyo oʻrtasida xalqaro tranzit tuguniga aylantirish, qoʻshimcha kargo terminali barpo etish orqali yuk tashish hajmini oshirish imkoniyatlari yuqori baholandi. Shu bilan birga, Fargʻona vodiysi viloyatlari uchun yagona yirik aeroport qurish loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi.

“Аэропорты Регионов” xoldingi tomonidan Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan, oʻrta masofaga moʻljallangan Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan mahalliy reyslarda xizmat koʻrsatuvchi aviakompaniyani Fargʻona aeroportida joylashtirish boʻyicha oʻzaro pozitsiya ishlab chiqiladi.

Rossiyaning Rostov, Yekaterinburg, Nijniy Novgorod, Samara, Saratov, Tobolsk, Noviy Urengoy va Petropavlovsk-Kamchatsk shaharlaridagi xalqaro aeroportlarni kompleks rivojlantirish dasturi orqali oʻz investitsiyalari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiyasini amalga oshirib, boshqarib kelayotgan “Аэропорты Регионов” xoldingi bugungi kunda ushbu aeroportlarda yillik 16 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi.

“Аэропорты Регионов” xoldingi shuningdek “Новапорт Холдинг” bilan hamkorlikda Rossiyadagi kichik hududiy aeroportlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan “Аэропорты Большой Страны” loyihasini ham amalga oshirmoqda. Ushbu loyiha hozirda 6 ta aeroportni oʻzida jamlab, yillik 2,6 mln yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish darajasiga yetgan.

Avvalroq Spot Rossiyaning “Azimut” kompaniyasi Stavropoldan Toshkent va Urganchga qatnov yoʻlga qoʻygani haqida yozgandi. Bundan tashqari, “UTair” Moskva va Samarqand oʻrtasida havo qatnovi joriy etib, Moskva — Buxoro yoʻnalishidagi parvozlar sonini koʻpaytirgan edi.