OKMK matbuot xizmatining xabar berishicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati platina ishlab chiqarish texnologiyasi uchun mualliflik huquqini oldi.

Taʼkidlanishicha, bu metall oltinga nisbatan yer yuzida uch barobar kamroq uchraydi.

OKMKda nafaqat mis, oltin, kumush, balki boshqa noyob — palladiy, reniy kabi metallar ham ishlab chiqarishga erishilmoqda. Endilikda ushbu mahsulotlar qatoriga platina ham qoʻshildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, platina zargarlar orasida “Rangli metallar malikasi” deya nom qozongan. Ushbu nodir metall nisbiy zichligi yuqori, olovga bardoshli, qattiq hamda oʻta egiluvchanligi bilan sanoatda, xususan, avtomobilsozlikda qadrlanadi.

Dunyoda 5 ta yirik platina ishlab chiqaruvchi davlatlar mavjud boʻlsa, Oʻzbekistonda ham ushbu nodir metallni qoʻlga kiritish texnologiyasi ishlab chiqildi. Jahon bozorida mazkur metallning 1 grammi $28 ga baholanadi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda OKMK 7 ta mahsulot ishlab chiqarish texnologiyasiga oid mualliflik huquqini qoʻlga kiritgan.

Avvalroq Spot OKMK 2021-yilda pandemiyadan avvalgi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻproq foyda koʻrgani haqida yozgan edi.