“MapBox” vakili Topi Tjukanov taniqli insonlarni ularning yashash joylariga ko‘ra ko‘rish imkonini beradigan interaktiv xarita yaratdi.

Ro‘yxatga madaniyat, ilm-fan, rahbarlik va sport kabi sohalardagi 2 mln.dan ortiq inson haqida ma’lumot kiritilgan.

Platformada O‘zbekistonga qaraydigan bo‘lsak, xaritani yaqinlashtirmasdan oldin Al-Xorazmiy, Ibn Sino va Amir Temur ismiga ko‘zingiz tushadi.

Uni yanada yaqinlashtirish bilan prezident Shavkat Mirziyoyev va tadbirkor Alisher Usmonov va yana bir qator taniqli vatandoshlar ismlarini ko‘rish mumkin.

Xarita orqali nafaqat mashhur insonlarni qayerlik ekanliklarini, balki ismlari ustiga bosish bilan ularning mashhurlik darajasi, jinsi va tirik yoki yo‘qligini bilib olish mumkin.

Mashhurlik darajasi shaxslarning ismlarini katta yoki kichik harflar bilan yozish orqali bildirilgan.

Xaritada keltirilgan har bir ism egalarining mashhurlik indeksi “Wikipediya” va “WikiData” ma’lumotlar bazasiga asoslanib, “Nature” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlardan foydalangan holda aniqlangan.

“Mapbox” — 2010-yilda tashkil topgan AQSh kompaniyasi bo‘lib, “Foursquare”, “Lonely Planet”, “Facebook”, “Financial Times” kabilar uchun maxsus onlayn xaritalarni ishlab chiqqan.