Sog‘liqni saqlash vazirligi “Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror ijrosini ta’minlash uchun loyiha tayyorladi.

Unga ko‘ra, sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish uchun umumiy qiymati 50 mln yevro bo‘lgan kredit jalb etiladi.

Shundan 45 mln yevro Germaniyaning “KfW Development Bank“idan imtiyozli kredit shaklida, 5,5 mln yevro grant mablag‘lari hisobidan jalb qilinadi.

Qolgan 7 mln yevro esa budjet mablag‘laridan ajratiladi.

Loyihada kredit va grant mablag‘lari hisobidan xarid qilinayotgan tovarlar, ish va xizmatlar bojxona bojidan ozod etilishi hamda qo‘shimcha qiymat solig‘i qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.

Mablag‘larning asosiy qismi quyidagilarga ajratilishi belgilangan:

  • raqamli sog‘liqni saqlash respublika platformasini yaratish uchun 17,9 mln yevro
  • viloyat va tuman tibbiyot muassasalarining AKT infratuzilmasini jihozlash va texnik-apparat vositalari bilan ta’minlashga esa 13,8 mln yevro.

Qolgan mablag’lar tegishli ravishda davolash-profilaktika muassasalari uchun ma’lumotlar bazasini yaratish, elektron vizualizatsiya va teleradiologiya tizimini yaratish, raqamli sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish qo‘mitasini tashkil etish va boshqa ishlar uchun yo‘naltiriladi.

Tegishli qaror loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyiha muhokamasi 26-avgustgacha davom etadi.