“Sberbank” o‘zining Shveysariyadagi sho‘ba banki “Sberbank Switzerland"ni sotish bo‘yicha bitim tuzdi, deya xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Xaridor “m3 Groupe Holding” mahalliy investitsiya guruhi bo‘lib, u majoritar (asosiy) aksiya ulushiga egalik qiladi.

Minoritar (ozchilik) aksiya ulushi “Monte Valle Patrners” xalqaro investitsiya kompaniyasiga tegishli bo‘ladi.

Shveysariyadagi sho‘ba banki nomi “TradeXBank” deb o‘zgartiriladi va savdoni moliyalashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatishni davom ettiradi.

“Mavjud bozor sharoitlarini hisobga olgan holda, biz Shveysariyadagi sho‘ba bankimizning 100% aksiyalarini yangi investorlarga sotishga qaror qildik. Umid qilamizki, yangi investorlar biznesini rivojlantirishda davom etadilar”, — dedi “Sberbank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Anatoliy Popov.

“Spot"da “Sberbank” Qozog‘istondagi sho‘ba bankini sotayotgani haqida xabar berilgandi.

2-sentabrda “Sberbank” Qozogiston bozorini tark etdi.

Mahalliy sho‘ba bank xaridori “Bayterek” milliy boshqaruv xoldingi bo‘ldi.

Bank mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etadi va ular uchun mahsulot shartlari o‘zgarishsiz qoladi.