O‘tgan yili Navoiy viloyatining Karmana tumanida 100 MVt quvvatli O‘zbekistondagi birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgandi.

“Loyiha doirasida $110 mln investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgani chindan ham sanoatimiz tarixida juda katta voqeadir”, deya ta’kidlagandi davlat rahbari.

Bugungi kunda stansiya kuniga 1 mln kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Stansiya ishga tushgandan buyon 252 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, stansiya 80 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi BAAning “Masdar” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, hozir 500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha moliyalashtirish bitimlari imzolangan.

“Ushbu loyiha O‘zbekistonning energiya xavfsizligi va diversifikatsiya strategiyasiga ijobiy hissa qo‘shish bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi”, — degandi BAA Sanoat va ilg‘or texnologiyalar vaziri, “Masdar” kompaniyasi raisi Sulton Ahmad Al-Jaber.

Ta’kidlanishicha, stansiya yiliga 1,1 million tonna karbonat angidridni almashtirib, 500 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.