“Polygon” blokcheyn platformasi “Soyuzmultfilm” kinostudiyasining NFTsini ishlab chiqaradi, xabar berdi “ТАСС”.

Bu bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, birinchi NFT yil oxirida chiqarilishi ma’lum qilingan.

NFT (Non Fungible Token) — yagona nusxada mavjud bo‘lgan token sanaladi. Ular bo‘linmas va noyob hamda muallifga xos bo‘lgan qiymatga ega bo‘ladi.

Hamkorlik doirasida “Polygon/Cere” qo‘shma korxonasi “Soyuzmultfilm"ning NFT loyihalariga $4 mln.dan ortiq sarmoya kiritadi hamda serversiz resursda studiyaning brendli va brendsiz kontentini yaratadi.

Loyiha doirasida bir necha turdagi tokenlar, jumladan, raqamli san’at asarlari, kolleksiya tokenlari, shuningdek, o‘z egalariga imtiyoz beruvchi NFTlar yaratish rejalashtirilgan.

“Polygon” blokcheyn platformasi asoschisi Sandip Neylvalning so‘zlariga ko‘ra, “Polygon/Cere” qo‘shma korxonasining missiyasi “Disney”, “Coca-Cola” kabi dunyoning eng yirik brendlari bilan hamkorlik qilishga qaratilgan.

Shuningdek, bu loyiha “OD Business Technologiyes Group” kompaniyasining “Soyuzmultfilm” bilan ikkinchi yirik loyihasi hisoblanadi.

“Hozir biz Xitoy korporatsiyasi bilan studiyaning bir qator seriyali loyihalari bo‘yicha shartnoma tayyorlayapmiz. “Soyuzmultfilm"ning NFT rivoji uchun investitsiyalarni jalb etishini muhim hodisa deb bilaman. Ishonamanki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz kinostudiyaning kripto makondagi rolini oshiradi”, — deydi “OD Business Technologiyes Group” hammuassisi Olga Grishenko.

Kompaniya haqida

Polygon” blokcheyn platformasi 2017 yilda “Matic” nomi ostida ishga tushirilgan.

U kriptovalyuta va blokcheyn tarmoqlarini ulash va kengaytirish imkonini beradi.

2021-yilda kompaniya rebrending qilib, “Polygon” nomi bilan faoliyat yurita boshladi.

Polygon platformasi “Ethereum” blokcheyni yordamida ishlaydi va unga asoslangan loyihalarni bog‘laydi.


“Spot” blokcheyn va kriptovalyuta bo‘yicha mutaxassis Shahruz Ashirov bilan birgalikda NFT nima ekanligi, ular qanday yaratilganligi, o‘ziga xosligi, xavf-xatarlari va mamlakatimizda ishlayaptimi yoki yo‘qligi kabi savollarga javob bergandi.