O‘zbekiston Latviya va Boltiqbo‘yi davlatlariga qiymati $1 mlnlik mahsulot eksport qiladi, xabar berdi “Dunyo”.

Bu bo‘yicha Latviyada o‘tkazilgan “Riga Food 2022” oziq-ovqat mahsulotlari va texnologiyalari ko‘rgazmasi doirasida B2B muzokaralari o‘tkazildi.

Shartnomada quritilgan mevalar, qovun, tarvuz, oshxona anjomlari singari mahsulotlarni eksport qilish belgilangan.

Shunigdek, ko‘rgazmada dunyoning 25 ta mamlakatidan 400 dan ortiq kompaniya ishtirok etib, O‘zbekistondan 20 ta eksportyor kompaniya qandolatchilik mahsulotlari hamda tabiiy sharbatlarini namoyish etdi.

120 kvadrat metr maydonda joylashgan “Made in Uzbekistan” bo‘lmasida “Crafers”, “N'medov”, “Lindo Confectionery”, “Choco Blessed”, “Sladus”, “Natural Juice”, “Platinum Garden”, “Sochnaya dolina” hamda “Viko” kabi brendlar o‘z mahsulotlari bilan ko‘rgazmada qatnashdi.


Avvalroq Malayziyada O‘zbekiston milliy mahsulotlar shou-rumi o‘z ishini boshlagani haqida xabar berilgandi.

U bilan milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish hamda yangi hamkorlarni topish, mahsulotni reklama qilish imkoniyatlari yaratib beriladi.