Qibray tumanida faoliyat yurituvchi tadbirkor Abror Xalimovga Toshkent hududiy elektr tarmoqlari xodimlari tomonidan asossiz 114 mln so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblangan. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Bunga tadbirkorning tijorat do‘koni binosi elektr ta’minotiga o‘zboshimchalik bilan ulanilganlik vaji keltirilgan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan murojaat joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida “Toshkent HETK” bilan tadbirkor o‘rtasida yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmog‘iga ulash bo‘yicha 2019-yil 8-oktabrda shartnoma rasmiylashtirilgan.

Unga asosan tadbirkor tomonidan to‘lov amalga oshirilganligi, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini plombalash va elektr ta’minoti shartnomasini tuzish bo‘yicha Yagona portal orqali 2019-yilda ariza berilganligi aniqlandi.

“Toshkent HETK” mas’ullari belgilangan muddatlarda hisoblagichni plombalash hamda elektr ta’minoti shartnomasini o‘z vaqtida rasmiylashtirish ishlarini olib bormagan.

Natijada Toshkent hududiy elektr tarmoqlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tadbirkorga asossiz hisoblangan jami 114 mln so‘m qarzdorlikni hisobdan chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Ko‘rsatma ijrosi bajarilib, asossiz hisoblangan jami 114 mln so‘m qarzdorlik hisobdan chiqarildi.


Avvalroq, biznes-ombudsman qoraqalpog‘istonlik tadbirkorga 669 mln so‘m undirib bergandi.