“EPAM” mutaxassislari “Data & Analytics Engineering” bo‘yicha intensiv o‘quv dasturiga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda “IT Park” xabar berdi.

“Data & Analytics Engineering” (DAE) — bu ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va vizualizatsiya qilish, shuningdek, ma’lumotlar omborlarini tashkil qilish uchun texnologiya va vositalar.

DAE mutaxassislari korxonalarga asosiy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish va ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda yordam beradi.

Kurs davomida ma’lumotlarni biznesga foyda keltiradigan yuqori sifatli ma’lumotlarga aylantirish va ma’lumotlar mahsulotlarini yaratish o‘rgatiladi.

Unda 4 ta asosiy yo‘nalish bo‘yicha ko‘nikmalarni oshirish mumkin:

  • Data Quality — loyihaning har bir bosqichida ma’lumotlarni tekshirish va ma’lumotlarni o‘zgartirish;
  • Data Integration — ma’lumotlarni o‘zgartirish va ko‘chirishning keng doirasini ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash;
  • Data Visualization — interaktiv va murakkab ma’lumotlarni vizualizatsiya qilish va tahlil qilish vositalarini yaratish;
  • Business Intelligence — ma’lumotlarni tahlil qilish va biznes samaradorligini aniqlash uchun turli xil tahlil vositalaridan foydalanish.

Kurs davomiyligi 14 hafta bo‘lib, joriy yilning noyabr oyidan boshlanadi.

Dastur ikki bosqichdan iborat, birinchi bosqichda 3 oy davom etadigan va haftasiga 12 soatlik ish yukini talab qiladigan o‘quv kursi o‘tkaziladi.

Unda o‘z-o‘zini o‘rganish materiallarini o‘rganib, topshirilgan vazifalarni bajarish va “EPAM” murabbiylari bilan muntazam savol-javob sessiyalarida qatnashish belgilangan.

Birinchi bosqichda yaxshi natija ko‘rsatgan o‘quvchi o‘qishni davom ettirishga va ikkinchi bosqich — “EPAM Data Lab” davomida olingan ko‘nikmalarni mashq qilishga taklif etiladi.

U ham to‘liq vaqtda ishtirok etish bilan 3 oy davom etadi. U yerda ma’lumotni tartibga solish, vizualizatsiya yaratish, ma’lumotlar sifatini tekshirish va bulutli texnologiyalar bilan tanishish o‘rgatiladi.

Dasturda qatnashish bepul va joylar soni cheklangan. Qiziquvchilar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Spot” Toshkentdagi IT-kurslar — o‘quv markazlari, yo‘nalishlar va ularning narxi haqida batafsil ma’lumot bergandi.