Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning yer va suv resurslarini samarali boshqarishga $150 mln.lik kredit hamda $3 mln.lik grant ajratishi haqida xabar berilgandi.

Prezident qarori bilan “Orolbo‘yi havzasida suv resurslarini iqlim o‘zgarishiga mos holda boshqarish” loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati $194,9 mlnni tashkil etib, shundan $150 mln Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli kreditlari hisobidan yo‘naltiriladi.

Davlat budjeti hisobidan $40,2 mln ekvivalentida, shundan $26,6 mln respublika budjeti hisobidan QQSni qoplab berish va bojxona bojidan ozod etish shaklida yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot jamg‘armasidan $3 mln, Osiyo taraqqiyot bankining Yuqori texnologiyalar jamg‘armasidan $0,3 mln ajratiladi.

Loyiha doirasida Orolbo‘yi mintaqasidagi sug‘oriladigan yerlarda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishni ta’minlash hamda suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Surxondaryo hamda Xorazmni o‘z ichiga olgan loyihaning amalga oshirilish muddati — 7 yil.

Bunda “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan maxsus texnikalar, mexanizmlar va texnologik uskunalar bojxona bojlari va soliq to‘lovlaridan shartli ozod etilishi belgilangan.


Avvalroq “Spot” Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga $2,8 mlrd ajratishi haqida xabar bergandi. Mablag‘lar 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan sug‘urta operatsiyalari bo‘yicha biznes-rejasi doirasida ajratiladi.