Oʻzbekistonning “PayPal” xizmatiga qoʻshilishi 2018-yildan beri muhokama qilinib kelinmoqda.

Keyinchalik esa 2018−2019-yillarga moʻljallangan AKTni takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasiga xalqaro toʻlov tizimlari, jumladan, “PayPal"dan foydalanish toʻgʻrisidagi band kiritildi.

Turli vaqtlarda “OSON”, “Uzcard” kabi brendlar kompaniya bilan muzokara olib borilayotgani haqida xabar berishgan.

Biroq 2020-yilning oktabrida Markaziy bank “PayPal"ning oʻzi mamlakatdagi faoliyatini cheklaganini maʼlum qilgandi.

Oʻtgan yili AKT vaziri Sherzod Shermatov ham “PayPal” kabi elektron toʻlovlarning ishlamasligi masalasida fikr bildirdi.

“Haqiqatan ham „PayPal“ tizimida Oʻzbekiston yoʻq. Bunga menimcha, Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida konvertatsiya tizimining ishlamagani va shu kabi boshqa sunʼiy toʻsiqlar sabab boʻlgan deb oʻylayman. Aynan shuning uchun kompaniya Oʻzbekistonni oʻz roʻyxatidan chiqarib tashlagan boʻlishi mumkin”, — degandi vazir.

Bundan tashqari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “PayPal” kompaniyasi bilan dastlabki muzokaralar oʻtkazilib, suhbat davomida kompaniya Oʻzbekistonda faoliyatini ishga tushirishni rejalashtirmagani maʼlum boʻldi.

AKT vaziri 5-oktabr kuni oʻtkazilgan Xalqaro press klubda yana bir bor koʻtarilgan mazkur mavzu boʻyicha savolga quyidagicha javob berdi:

“Hozirgi kunda „PayPal“ biznesi juda yomon ahvolda. Kompaniya rahbariyatining bugungi kundagi pozitsiyasi Amerika va boshqa bozorlardagi mavjud biznesini ko‘proq rivojlantirishga qaratilgan. Ekspansiya bo‘yicha katta rejalari yo‘q”.


Avvalroq “UZCARD” O‘zbekistonda “Mir” kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.