Toshkentda “IntercityHotel Tashkent” yangi xalqaro mehmonxona brendining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu bo‘yicha Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev, Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dr. Tilo Klinner, “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Julien Bergue hamda “Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus ishtirokida hujjat imzolandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Sulton Xonbabayev “IntercityHotel Tashkent” brendining O‘zbekistonga kirib kelishi quvonarli hodisa ekanini hamda zamonaviy mehmonxona talablariga to‘liq javob berishini ta’kidladi.
“Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus O‘zbekiston, xususan, Toshkent mehmonxona ochish uchun eng ishonchli hamkor va eng qulay joy ekanini aytib o‘tdi.
“Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham o‘rgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin bo‘ldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz”, — dedi “Valor Hospitality Partners” ta’sischisi va boshqaruv hamkori Julien Bergue.
“IntercityHotel Tashkent” mehmonxonasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan bo‘lib, 2023-yilning 1-choragida ochilishi rejalashtirilgan.
Mehmonxona 122 ta nomer, biznes tadbirlar yoki forumlarga mo‘ljallangan konferensiya zali, basseyn, sport zali va boshqa xizmat turlarini qamrab oladi.
Natijada 160 ga yaqin yangi ish o‘rni tashkil qilinishi belgilangan.
Avvalroq “Spot” “Accor” mehmonxonalar guruhi Toshkentda “Ibis” mehmonxonasini ochishi haqida xabar bergandi.