“Uzbekistan Airports” tomonidan ishga tushirilgan xalqaro va ichki parvozlarni kuzatish imkonini beruvchi Telegram-boti endi “Fast Track” xizmati uchun to‘lovlarni qabul qilishni boshladi.

Bu xizmat yordamida yo‘lovchilar reysga ro‘yxatdan, bojxona va pasport nazorati, shuningdek, parvoz oldidan tekshiruvlardan navbatsiz o‘tishlari mumkin.

Telegram-botdan qanday foydalaniladi

Telegram-bot orqali xizmatni xarid qilish uchun Toshkent xalqaro aeroportini, so‘ng jo‘nab ketish terminalini va kerakli reysni tanlash kerak.

Keyin bot familiya va ismni lotin tilida kiritishni so‘raydi. Shundan so‘ng xizmat haqini Uzcard yoki Humo bank kartalari orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.

“Fast Track” xizmati uchun to‘lovni uchishdan oldin terminalning o‘zida ham, milliy valyutada yoki Uzcard, Humo, Visa, Mastercard va boshqalar orqali amalga oshirish mumkin.

Shuningdek, bot orqali Toshkent aeroporti xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish funksiyasini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq “Uzbekistan Airports” saytida onlayn tablo ishga tushirilgandi.

Unda har bir reys haqida real vaqt rejimida sana, vaqt, parvoz raqami, aviakompaniya nomi, bortga chiqish eshigi kabi ma’lumotlar aks etgan.