“Sberbank” sentabr oyida 527 ta filialini yopdi, deya xabar bermoqda “Kommersant” Rossiya Markaziy bank ma’lumotlariga tayanib.

Hozirda bankning 12,4 ming filiali mavjud. Bir oyda yopilgan ofislarining soni 2006-yilning may oyidan beri eng yuqori darajani tashkil etdi.

Hammasi bo‘lib, 2022-yilda kredit tashkiloti 868 ta filialni yopdi, ularning uchdan ikki qismi sentabr oyida faoliyatini to‘xtatgan.

Bank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Vedyaxin “Sberbank” filiallarini optimallashtirayotganini ta’kidlagan.

2021-yil oxirida bank ilovasining oylik auditoriyasi 71,3 mln kishini tashkil etgani va shu fonda filiallar foydasiz bo‘lib qolgani haqida xabar berdi.

“Kommersant"ga ko‘ra, “Sberbank"ning filiallarni yopish bo‘yicha faol qadamlari ortida ham sanksiyalar tufayli, ham sektor uchun inqiroz davri fonida xarajatlarni qisqartirish istagi bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, bank boshqa mamlakatlardagi filiallarini sotishga qaror qilgan.

Avgust oyida bank Qozog‘istondagi sho‘ba bankini “Bayterek” milliy boshqaruvchi xoldingiga sotishini e’lon qilgandi.

Shuningdek, Shveysariyadagi sho‘ba banki “Sberbank Switzerland"ni sotish bo‘yicha bitim tuzilgani haqida ma’lum qildi.