Joriy yilning aprel oyida nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga qabul qilganlarga subsidiya berish tartibi belgilangandi.

Endilikda Yagona portal orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilar subsidiya olishlari mumkin.

Unga ko‘ra, jo‘natilgan arizalar 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 6 oy davomida har oy BHMning 1,5 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Bunda budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga berilmasligi ta’kidlangan.

Shuningdek, bandlikka ko‘maklashish markazi ishga qabul qilingan nogironligi bo‘lgan shaxslarning haqiqatan ishlayotganligini monitoring qilib boradi.

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun havola orqali o‘tish kerak.

Subsidiya olish uchun ish beruvchi Yagona portalda ro‘yxatdan yoki avtorizatsiyadan o‘tishi va so‘rovnomani to‘ldirishi kerak.


Avvalroq, Yagona portal orqali avtomobilga taqiq bor-yo‘qligini tekshirish hamda avtotransport boshqarish uchun ishonchnomalar onlayn rasmiylashtirilish mumkinligi haqida xabar berilgandi.