O‘zbekiston-Vetnam “Ishbilarmonlar kengashi” tashkil etiladi.

Bunga Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Vetnam vitse-prezidenti Vo Txi An Suan o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda kelishilgan.

Shuningdek, ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish maqsadida yaqin oylarda ekspertlar darajasida o‘zaro tashriflar o‘tkazilishi belgilangan.

Hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar yuritilgan.

Bundan tashqari, quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar muhokama qilindi:

  • sholichilik;
  • paxtachilik;
  • go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash;
  • kimyo va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish;
  • avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish;
  • elektronika ishlab chiqarish va boshqalar.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida prezident Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surgandi.