Хorijda ishlash istagida bo‘lganlar asosan tanishlari orqali yoki o‘zlari mustaqil ketishga harakat qilishadi.

Ammo qonuniy yo‘l bilan ketmoqchi bo‘lganlarda imkoniyat yanada kengroq bo‘lib, xususan, migrantning huquqlari hamda manfaatlari davlat tomonidan himoyalanishi kafolatlanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqib, unda qonuniy mehnat migratsiyasi bo‘yicha tushuncha bergan.

Xorijga ishlashga quyidagi yo‘l bilan ketish mumkin:

  • Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali;
  • Litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari (XBA) orqali.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish bo‘yicha litsenziyaga ega XBA axborot va maslahat xizmatlari BHMning bir baravari ya’ni 300 ming so‘mdan ko‘p pul olishi mumkin emas.

Chet ellik ish beruvchi va hamkori bilan shartnomalar tuzmasdan, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish taqiqlanadi hamda ushbu shartnomalar XBAning rasmiy veb saytida joylashtirilishi lozim.

Shuningdek, xorijda ish taklif qilayotgan tashkilotlarning litsenziyasi borligiga ishonch hosil qilish zarur.

Bundan tashqari, shartnoma tuzayotganda, uning shartlarini o‘qib, to‘liq tushunib imzo qo‘yish kerak.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi:

  • O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz, tartibli va qonuniy xorijiy mehnat migratsiyasiga jalb qilish;
  • xorijga ishga ketish istagidagi fuqarolarni tayyorlash, ularni chet tillari va kasbga o‘qitish;
  • xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlash, xususan, huquqiy va ijtimoiy yordam berish, mehnat migratsiyasida bo‘lgan davrda vafot etgan fuqarolarning jasadlarini va xorijda mehnat faoliyati vaqtida og‘ir jarohat olgan fuqarolarni O‘zbekistonga qaytarish;
  • mehnat migratsiyasidan O‘zbekistonga qaytgan fuqarolarni mamlakat mehnat bozoriga moslashtirish, xususan, ularni tadbirkorlikka jalb qilish.

Koreya va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari o‘rtasidagi Hamkorlik memorandumiga asosan tashqi mehnat migratsiyasi agentligi O‘zbekiston fuqarolarini Koreyaga ishga jalb qilish bilan shug‘ullanish vakolatiga ega yagona tashkilot hisoblanadi.

Diqqat! Vazirlik Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan joriy yilning fevral oyidan buyon davom etayotgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslikni hamda bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘ramoqda.

Jinoyat Kodeksining 154¹-moddasida chet davlatlarining harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan.