O‘zbekistonda dual ta’lim tizimi Germaniya tajribasi asosida rivojlantiriladi, bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Dual ta’lim tizimi — ixtisoslashgan ta’lim turi bo‘lib, talaba nazariy bilimlarni ta’lim muassasasida, amaliy ko‘nikmalarini esa ish joyida, ya’ni tashkilotda olish imkoniyati yaratiladi.

Unga ko‘ra, bu tizim “O‘zbekistonda professional ta’lim tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida joriy etilishi ta’kidlangan.

Loyiha qiymati 7 mln yevroni tashkil etib, 2024-yilgacha amalga oshiriladi.

Bu bo‘yicha Germaniyada bo‘lib turgan O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakat vakillari bilan dual ta’limni joriy etilishning huquqiy asoslari, tamoyillari, dual ta’lim tizimi ishtirokchilarining majburiyatlari, o‘quv me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish, xususiy sektorni jalb qilish hamda yoshlarini dual ta’limga qiziqtirish bo‘yicha muzokaralar olib borgan.

Muzokaralar davomida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishildi:

  • O‘zbekistonda dual ta’limni rivojlantirish mexanizmini ishlab chiqish;
  • professional ta’lim dasturlarini transformatsiya qilish;
  • yoshlarni kasbga yo‘naltirish;
  • professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining malakasini oshirish;
  • bitiruvchilarni baholash va sertifikatlash.

“Germaniyada dual ta’limni rivojlantirish istiqbollari, o‘quv jarayonlari, shuningdek, ushbu tizimda ish beruvchi korxonalarning o‘rni, vazifalari va eng asosiysi majburiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Muhimi O‘zbekistonda ham dual ta’lim tizimini Germaniya tajribasi asosida rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi”, — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Dual ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nodir Ergashev.

Loyiha doirasida 650 nafar o‘zbekistonlik mutaxasislarning Germaniya va O‘zbekistonda turli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirishi belgilangan.