Nodirbek Saydullayev Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi, xabar berdi “UzA”.

Regulyator xabar berishicha, u Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasiga rahbarlik qiladi.

Uning zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • litsenziyalash va ruxsat berish tartiboti;
  • kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish;
  • garov reyestri, kredit axborotining davlat reyestrini yuritish;
  • moliyaviy savodxonlikni oshirish;
  • bank mutaxassislarini qayta tayyorlash;
  • tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish.

U 2019-yildan buyon “Asakabank” boshqaruv raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Nodirbek 1982-yili Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 2003-yil Toshkent Moliya institutining bakalavr bosqichini, 2005-yilda mazkur institutning magistratura bosqichini tamomlagan.

U bank tizimida 19 yillik ish tajribasiga ega.

Bundan oldin mazkur lavozimda faoliyat yuritgan Botir Zohidov joriy yilning sentabr oyida Toshkent shahri, Shayhontoxur tumaniga hokim etib tayinlangach, uning o‘rni bir oydan buyon vakant bo‘lib turgandi.