Samarqandda boʻlib oʻtayotgan “ICTWEEK Uzbekistan 2022” haftaligi doirasida “Huawei” kompaniyasi va “IT Park” Oʻzbekistonning ikki shahrida smart va yashil yechimlarga asoslangan BPO markazlarini ochishga kelishdi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

BPO (Business Process Outsourcing, biznes jarayonlari autsorsingi) autsorsing turlaridan biri bo‘lib, bunda tashkilot asosiy bo‘lmagan biznes jarayonlarini boshqa kompaniyaga o‘tkazadi.

Unga koʻra, Termiz va Namangan shaharlarida biznes jarayonlarini autsorsing qilish uchun ikkita markazni (BPO-markazlarini) yaratish to‘g‘risidagi protokolni imzolandi.

“Biznes xizmatlari autsorsingi O‘zbekiston IT-eksporti uchun eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri. Shunday qilib, tashkilotlarimiz hamkorligi tufayli Termiz va Namanganda ikkita yangi BPO markazlari ochiladi, bu nafaqat shaharlarda 60 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishga, balki O‘zbekiston IT-eksportchilar orasida yetakchilar reytingida o‘z mavqeini mustahkamlashga yordam beradi”, — dedi IT Park direktori Farhod Ibragimov.

BPO markazlarini birgalikda ochish loyihasi AKT vazirligi va “Huawei” oʻrtasida 2022-yil mart oyida Barselonada erishilgan kelishuvlar doirasidagi hamkorlikning davomi sifatida amalga oshirildi.

Shuningdek, “Huawei” va “IT Park” o‘rtasida 2022-yil yanvar oyida imzolangan memorandumda belgilangan rejalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

“Bugun biz O‘zbekistonda „Huawei“ kompaniyasining aqlli va yashil kampuslarni yaratishda qo‘llaniladigan yechimlari asosida ikkita BPO markazini ishga tushirishga kelishib oldik. Markazlar aqlli qurilmalar ekotizimlari, shuningdek qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ta’minlanadi”, — dedi “Huawei” Uzbekistan direktori Chen Szyakay.



Avvalroq “Spot” “Huawei” va “ZTE” O‘zbekistonda qiymati $506 mlnlik 4 ta loyihani amalga oshirishi haqida yozgandi.