Joriy yil 7-noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli “Uzbekistan Airways"ning bir nechta reyslari zahira aeroportlariga o‘tkazilgan. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, HY602 Moskva — Toshkent qatnovi Navoiy aeroportiga, HY336 Jidda — Toshkent qatnovi Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi.

Ushbu yo‘nalishdagi qatnovlar belgilangan manzilga yetib borgani ta’kidlanadi kompaniya xabarida.

Bundan tashqari, Farg‘ona xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti tufayli rejalashtirilgan HY081 Toshkent — Farg‘ona reysi soat 06:55 dan 09:30 ga ko‘chirildi.

HY277 Farg‘ona — Istanbul reysi Farg‘ona xalqaro aeroportidan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha jo‘nab ketdi. Shu sabab, HY278 Istanbul — Farg‘ona va HY082 Farg‘ona — Toshkent reyslari kechikib amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Avvalroq, “Uzbekistan Airways"ni xususiylashtirish jarayoniga “Deloitte” kompaniyasi jalb qilingani haqida xabar berilgandi.