Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yosh mutaxassislarni tanlash dasturi boʻyicha tanlovga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tanlov ikki bosqichda — test va suhbat asosida tashkil etilib, test sinovi davlat organlari tomonidan tashkil etiladi.

Test bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar (71%dan yuqori ball to‘plaganlar) suhbatda qatnashishlari mumkin.

Nomzodlar hujjatlarni joriy yilning 19-noyabriga qadar Telegram-bot orqali jo‘natishlari mumkin.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar vazirlikda amaliyot o‘tishi mumkin bo‘ladi hamda amaliyotni namunali yakunlagan mutaxassislar kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

Amaliyotchi davlat organlarida amaliyot o‘tashda quyidagi talablarni bajarishi kerak:

  • ustoz-mentorning ko‘rsatmalarini bajarishi;
  • amaliyot bo‘yicha uslubiy va ko‘rsatma materiallar bilan tanishishi;
  • amaliyot shartnomasi bilan yuklatilgan huquq va majburiyatlarni amalga
    oshirish;
  • shaxsiy ish-rejasida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, to‘liq hajmda va sifatli bajarishi;
  • amaliyot o‘tash to‘g‘risidagi hisobotni taqdim qilishi;
  • faoliyatida foydalanishi mumkin bo‘lgan materiallar to‘plamini shakllantirishi;

Shuningdek, qabul qiluvchi tashkilotning ichki mehnat tartib qoidalari va xodimlari faoliyatining tartibini belgilovchi hujjatlarga rioya qilishi shart.

Amaliyot tayyorlov, asosiy, hisobotlarni topshirish va baholash kabi uch bosqichga bo‘linadi hamda olti oydan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Tanlov haqida batafsil ma’lumotni bu yerdan olish mumkin.


Avvalroq, kosmonavtika sohasiga qiziqishni oshirishga qaratilgan “UniSat” dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan qizlar bepul ishtirok etishi mumkin.