AKT vaziri Sherzod Shermatov Telegram kanalida “IT Park” faoliyatiga oid ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Xususan, “IT Park” rezidentlari yil boshidan shu kungacha deyarli 2 barobarga ortdi. Eksporter korxonalar soni deyarli 3 barobar, xorijiy korxonalar ishtirokidagi rezidentlar soni esa 6 barobarga ortdi.

Natijada, joriy yilda davlat rahbari belgilab bergan vazifalar ortig‘i bilan bajarilgani ta’kidlanmoqda.

“Xatto chet elliklar avvalgi „Tashkent — gorod xlebniy“ degan gapni, „Tashkent — gorod aytishniy“ degan maqolalar yozib O‘zbekistonni IT-xabga aylanayotganini muhokama qilishmoqda” — dedi AKT Sherzod Shermatov.

996 ta rezident kompaniyaning 736 tasi Toshkentda, 260 tasi esa viloyatlarda joylashgan hamda ular quyidagicha bo‘linadi:

  • 333 tasi -yangi ochilgan kompaniyalar;
  • 142 tasi — xorijiy kapitalga ega kompaniyalar;
  • 186 tasi — ta’lim kompaniyalari.

Shuningdek, 291 tasi eksportyor-kompaniyadan 150 tasi dasturchi-kompaniya hamda 141 tasi BPO kompaniya hisoblanadi. Yana 592 ta kompaniya “IT Park” rezidenti maqomini olgan bo‘lsa, 248 ta kompaniyaga maqom berilishi rad etildi.

Bundan tashqari, 119 ta kompaniya “IT Park” oldidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun rezident maqomidan mahrum qilindi.

“IT Park” rezidentlarining vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • faqat biznes-rejada ko‘rsatilgan faoliyat turlarini amalga oshirish;
  • har chorakda “IT Park"ga o‘z faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berish;
  • har yili moliya-xo‘jalik faoliyati auditini o‘tkazish va auditorlik xulosasining bir nusxasini “IT Park” direksiyasiga yuborish;
  • rezidentning “IT Park” direksiyasi bilan ishlash shartlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarish.

Keltirilishicha, rezident kompaniyalarda 14 590 kishi faoliyat yuritadi. O‘tgan yilning shu davrida ularning soni 8 640 nafarni tashkil etgan.

“IT Park” rezidenti maqomini olish uchun ariza va biznes-rejasini havola orqali yuborish kerak.