Markaziy Osiyo banklari Rossiya bankining tezkor to‘lov tizimiga ulanishni boshladi, deya xabar bermoqda “RBC” nashri Rossiya banki Milliy to‘lov tizimi departamenti direktori o‘rinbosari Oleg Perestenkoga tayanib.

2022-yilning iyul oyidan boshlab xorijiy banklar bilvosita ishtirokchilar orqali transchegaraviy o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyati joriy etildi.

“Bugungi kunda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikistondan 12 ta xorijiy bank bogʻlangan”, — deya qoʻshimcha qildi Perestenko.

Tezkor to‘lovlar tizimi Rossiya Markaziy banki tomonidan 2019-yilda banklararo hisob-kitoblarni tezkorlik bilan amalga oshirish uchun ishga tushirilgan.

Xususan, u orqali istalgan vaqtda, jumladan, dam olish va bayram kunlari ham mobil telefon raqamidan foydalangan holda pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin.

Markaziy bankning talabiga binoan banklar umumiy summasi 100 ming rublgacha blgan pul oʻtkazmalari uchun komissiya undirmaydi.

17-noyabrdan boshlab transchegaraviy oʻtkazmalar uchun yagona komissiya amal qilib, har bir oʻtkazma uchun 6 rubl joʻnatuvchi tomonidan toʻlanadi.

23-noyabr kuni “VTB Bank” transchegaraviy pul oʻtkazmalari uchun tezkor to‘lovlar xizmatini sinovdan oʻtkazishni yakunlayotganini e’lon qildi.

“Xizmat mijozlarning transchegaraviy oʻtkazmalarni amalga oshirish tajribasini sezilarli darajada yaxshilaydi va tezlashtiradi, chunki pul bir zumda olinadi”, — deyiladi bank bayonotida.

Avgust oyidan boshlab “Sberbank Online” Oʻzbekiston va Qirgʻizistonga tezkor to‘lov tizimi orqali pul o‘tkazmalari uchun komissiyani bekor qildi. Biroq, bahorda kiritilgan sanksiyalar tufayli, faqat rubldagi pul o‘tkazmalari mavjud.


Avvalroq “Spot” to‘qqiz oyda O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $12,6 mlrdni tashkil etgani haqida yozgandi.