Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish va birja savdolarini tartibga solish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishda ularni bir vaqtning o‘zida birja tizimida akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

Shuningdek, xorijiy yetkazib beruvchilar tomonidan davlat xaridlari tizimida ishtirok etish uchun majburiy tartibda elektron raqamli imzo olish talabi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning yuqori likvidli va monopol bo‘lmagan mahsulotlarini birja savdolari orqali sotish uchun tovarlar seksiyasi tashkil etiladi.

Tadbirkorlarga, o‘z xohishiga ko‘ra, birjadan tashqari tuzilgan shartnomalar bo‘yicha birjaning hisob-kitob-kliring tizimi orqali kafolatli hisob-kitob xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Bu xizmat mahsulotlarni forvard bitimlari asosida sotish tartibi birja savdolari orqali tuziladigan eksport-import shartnomalariga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Qaror bilan 2022-yil 1-dekabrdan 2024-yil 1-yanvargacha quyidagi tovarlar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali realizatsiya qilinadi:

  • monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan po‘lat shar, metall list prokati, suyuq uglerod oksidi, texnik kislorod, kaustik soda, neft koksi, sintetik nafta, barda — ishlab chiqarish hajmining 100%i;

Monopol bo‘lmagan va ustav fondida davlat ulushi 50%dan kam bo‘lgan yoki davlat ulushi mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarilgan:

  • metall list prokati va sement — ishlab chiqarish hajmining kamida 50%i;
  • paxtadan olingan chigit, paxta moyi (ekstraksiya paxta moyi), qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) va iste’mol etil spirti — ishlab chiqarish hajmining 100%i.

Avvalroq “Spot” prezident qarori bilan 1-oktabrdan kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori oshirilishi haqida xabar bergandi.