Buxoro viloyatining Romitan tumanida o‘tkazilgan reyd davomida noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xususan, kompyuter va boshqa texnik qurilmalarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJ rahbari mazkur tumanning cho‘l hududida joylashgan boshqa bir MCHJ binosini hamda mahalliy fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponini ijaraga olgan.

Mazkur binolarga mayning qurilmalari o‘rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga ulangan.

Tekshiruv davomida jami 9 turdagi 456 dona mayning qurilmalari va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

“O‘zenergoinspeksiya"ning Buxoro viloyat hududiy bo‘limi va Romitan tuman elektr tarmoqlari korxonasi xulosasiga ko‘ra, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish natijasida mayning ferma tomonidan davlatga 2,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Andijonda ham xuddi shunday holat aniqlangandi. Xususan, mayning-ferma elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, 40,4 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan.