Shavkat Mirziyoyev notarial jarayonlarda aholiga qulayliklarni oshirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbarining notarial harakatlar tizimini soddalashtirish va aholiga qulayliklarni oshirish bo‘yicha topshirig‘iga asosan, “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, notarial harakatlar uchun undiriladigan davlat bojlarining stavkalari optimallashtirilmoqda. Hozirda davlat boji stavkalarini hisoblashda uy-joyning maydoniga, avtomototransport vositalarining dvigatel quvvati va ishlab chiqarilgan yiliga qaraladi.

Endi bu boradagi toifalar qisqartirilib, stavkalar birxillashtirilmoqda, ayrimlari kamaytirilmoqda.

Jumladan, ko‘chmas mulk bo‘yicha oldi-sotdi shartnomalarini notarial tasdiqlash uchun davlat boji, uning maydonidan qat’i nazar, Toshkent va Nukusda hamda viloyat markazlarida BHMning 1 baravari, boshqa joylarda 0,5 baravari miqdorida, eng past stavkada belgilanmoqda.

Garov, ipoteka, lizing va qarz shartnomalarini notarial tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan bojlar birxillashtirilib, yagona stavka o‘rnatilmoqda.

Avtotransport oldi-sotdisini notarial tasdiqlashda, dvigatel quvvati va ishlab chiqarilgan yilidan qat’i nazar, bir xil stavkada — BHMning 3 baravari miqdorida boj undirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mol-mulkni ijaraga berish yoki undan tekin foydalanish, avtomototransport bo‘yicha ishonchnoma berish kabi kelishuvlarni notarial tasdiqlash uchun boj miqdori kamaytirilmoqda.

Fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosxo‘rga guvohnoma berish uchun davlat boji bekor qilinadi.

Mazkur qonunning qabul qilinishi natijasida yiliga 100 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ aholi ixtiyorida qolishi ta’kidlangan.

Avvalroq, avtotransport boshqarish uchun ishonchnomalarni olish narxi 1,5 baravar arzonlashtirilishi ma’lum bo‘lgandi. Hozir mazkur turdagi davlat boji 900 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, “Spot” uy-joy ijara shartnomasini tuzish talablari qandayligi haqida material tayyorlagandi.