Antimonopol qo‘mitaning ma’lum qilishicha, benzin narxlarini monitoring qiluvchi telegram bot ishga tushirildi.

Benzin narxi” boti orqali AYoQSHlar kesimida benzin narxlari haqida kunlik ma’lumot olish mumkin. Shuningdek, hududlar kesimida AYoQSHlar joylashuvi bo‘yicha ham bilib olish mumkin.

Umuman, foydalanuvchiga yaqin joylashgan shohobchani tanlash orqali turi, narxi haqida ma’lumot olinadi.

Bunga nima sabab bo‘ldi. Poytaxtning ayrim hududlarida gaz va issiqlik ta’minotida uzilishlar kuzatilishi sabab, joriy yilning 5-dekabridan Toshkentdagi barcha avtomobillarga gaz quyish shohobchalari vaqtincha yopildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat fonida benzinga bo‘lgan talab oshganligi uchun AYoQSHlarni ogohlantirib, asossiz qo‘shimcha daromad olish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda narxlarning sun’iy oshishi yoki navbatlar muhokamaga sabab bo‘ldi. Energetika vazirligi “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi AYoQSHlarda barcha markali avtobenzin yetarlili va ularning narxi oshirilmaganligi haqida rasmiy ma’lumot berdi.

“O‘zneftgazinspeksiya"ning ma’lum qilishicha, narxini asossiz oshirgan hamda mahsulot sifatini buzgan 299 ta AYoQSHga avtobenzin yetkazib berish to‘xtatilgan.