“Sh.S” MCHJ rahbari N.I. hududiy tijorat banki filiali mas’ul shaxslari bilan o‘zaro til biriktirib, 307 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlandi.

Bu bo‘yicha Prokuratura Departamentining Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilgan.

Xususan, aniqlanishicha, korxona rahbari hamda hududiy tijorat banki filiali mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirib, tomorqachilikni rivojlantirish uchun 16 nafar fuqaroning nomiga 307 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Buxoroda xom ipak ishlab chiqarish uchun ajratilgan qariyb 4 mlrd so‘m kredit mablag‘i talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.