Markaziy bankning moliyaviy savodxonlikni oshirish departamenti ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda moliyaviy xavfsizlikning muhim qoidalarini e’lon qildi.

01

Bank karta ma’lumotlarini joylashtirmaslik va tarqatmaslik

Asosiy bank kartasini onlayn xaridlar uchun ishlatmaslik kerak. Internet orqali xaridlarni amalga oshirishda asosiy bank kartasidan, ayniqsa oylik maoshingiz tushuvchi kartadan foydalanish maqsadga muvofiq emas.

02

Maxfiylik va ikki tomonlama autentifikatsiya sozlamalarini yoqish

Agar ijtimoiy tarmoqdagi sahifadan faqat do‘stlar bilan muloqot qilish uchun foydalanganda, unda sahifani begonalar kuzatmasligi uchun maxfiylik sozlamasini yoqib qo‘ygan ma’qul.

03

Profildan ma’lumotlarni saqlash ombori sifatida foydalanmaslik

Ijtimoiy tarmoqlar matnli xabarlar, hujjatlar, videolar va shu kabi boshqa ma’lumotlarni saqlash va uzatish uchun bepul imkoniyatni taqdim etadi. Biroq shuni esda tutish kerak, ma’lumotlar firibgarlarning qo‘liga tushib qolish xavfi mavjud.

Shu sababli, quyidagi ma’lumotlarni saqlash va uzatishdan saqlanish kerak:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • ko‘char/ko‘chmas mulk hujjatlari;
  • mobil banking va banklarning mobil ilovalariga kirish uchun login va parollar;
  • elektron bilet/yo‘llanmalar va boshqalar.

04

Maxfiy ma’lumotlarni bo‘lishmaslik

Profildagi ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat so‘raydigan veb saytlardan ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifa orqali ro‘yxatdan o‘tmaslik kerak.

Ayrim veb saytlar so‘rovlarda qatnashish, izoh qoldirish yoki test natijalarini bilish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali ro‘yxatdan o‘tishni taklif qilishi mumkin.

Rasm/videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan oldin quyidagilarga e’tibor berish kerak:

  • ma’lumotlarning muhimliligi — ijtimoiy tarmoqqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning fotosuratlari/videolarini joylashtirmaslik;
  • geolokatsiya — firibgarlar yashash joyi, ish joyi, bolalar boradigan maktab haqida ma’lumot olishlari mumkin;
  • fon — fotosurat/videoda muhim ma’lumotlar, masalan, avtomobil raqamlari mavjud emasligiga e’tibor berish.

05

Notanish odamlar yuborgan noma’lum havolalarga kirmaslik

Tanlovlarda pul, gadjet yoki boshqa sovrin yutish haqida yuborilgan elektron xatlardagi havolalarni bosmaslik, ayniqsa, begona saytlarga bank kartasi ma’lumotlarini kiritmaslik kerak. Bank kartasiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritgan firibgarlar sizning pul mablag‘larini o‘g‘irlashlari mumkin.


Avvalroq “Spot” onlayn firibgarlikning besh turi, ularni qanday aniqlash mumkinligi haqida yozgandi.