“Kapitalbank” “Uzum” ekotizimining bir qismi bo‘ladi, deya xabar bermoqda bank matbuot xizmati.

“Finance TCI” birja savdolarida “Kapitalbank” aksiyalarining 50%ini sotib oldi. Mazkur bitim qiymati 786,8 mlrd so‘mni tashkil etib, 61,5% ulush bilan “Finance TCI” majoritar aksiyador bo‘ldi.

“Finance TCI” “Djuzum SPV” kompaniyasining sho’ba korxonasi hisoblanib, mamlakat uchun “Uzum” raqamli xizmatlarining ekotizimini rivojlantiradi.

2022-yil noyabr oyida “Kapitalbank” sho’ba korxonasi “Apelsin” raqamli banki “Uzum” ekotizimiga qo‘shildi va o‘z nomini “Uzum Bank” deb o‘zgartirdi.

Ekotizimning boshqa xizmatlar bilan integratsiyalashuvi bankka yangilangan keshbeck dasturini ishga tushirish imkonini berdi, deyiladi xabarda.

“Kapitalbank"ning “Uzum” ekotizimiga qo‘shilishi foydalanuvchilari hisobiga mijozlar bazasini sezilarli darajada kengaytiradi. “Uzum” brendi bilan kooperatsiyada qo‘shimcha mahsulot qatorini taklif etadi.

Masalan, bank mijozlari barcha xizmatlar uchun yagona “Uzum ID"ga va sodiqlik tizimidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bank xizmatlari esa “Uzum Market” foydalanuvchilari uchun mavjud bo‘ladi.