Hukumat tomonidan prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining budjetdan tashqari jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

  • biznes-ombudsman tomonidan qo‘llanilgan jarimalar summasi hamda rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar asosida sudlar tomonidan qo‘llanilgan jarima summasining 100% miqdori;
  • texnik ko‘maklashish mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari;
  • jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, O‘zbekiston norezidentlarining homiylik xayriyalari jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
  • qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘lari biznes-ombudsman devonining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish hamda o‘quv kurslarida o‘qitish uchun sarflanadi.

Mazkur jamg‘armaga rahbarlik qilish va mablag‘larni sarflash masalalari jamg‘arma Kengashi tomonidan amalga oshiriladi va unga biznes-ombudsman raislik qiladi.


Avvalroq “Spot” Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgani hamda uning maqsad va vazifalari belgilangani haqida yozgandi.