O‘zbekistonda yuqori aniqlikdagi raqamli intellektual datchiklar va chiplar ishlab chiqarilishi mumkin.

Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda Xitoyning “Shandong Huake Semiconductor Research Institute” kompaniyasi boshqaruvi raisi, “Shandong Hi-Speed Group” vakili Tyan Szinlyan o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlangan.

Xususan, bu kabi mahsulotlarni ishlab chiqish orqali ularning xorijiy davlatlarga eksportini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Shuningdek, uchrashuvda xorijiy hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda mavjud boshqa investitsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi.

Yakunda ikki tomon vakillari o‘zaro manfaatli loyihalar ustida ishlashga kelishib olishdi.

Avvalroq, Xitoyning “BYD” kompaniyasi O‘zbekistondagi rasmiy sotuvlarni fevraldan boshlashi ma’lum qilingandi. “Exeed” kompaniyasi esa joriy yilning bahorida ochilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mamlakatning “Xian Electric Engineering” kompaniyasi O‘zbekistonda uzunligi 72 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini quradi. Loyiha qiymati $14,6 mln.ni tashkil etadi.