Ilon Mask shaxsiy boyligini yo‘qotish bo‘yicha jahon rekordini rasman yangilab, Ginness rekordlari kitobiga kiritildi. Bu haqda “Guinness World Records” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2022-yilda Maskning boyligi rekord darajada, ya’ni $200 mlrdga kamaygan.

“Maskning umumiy yo‘qotishlari 2000-yilda yapon texnologiya investori Masayoshi Son tomonidan o‘rnatilgan $58,6 mlrdlik rekorddan ancha oshib ketdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, yil davomida tadbirkor kapitalining asosini tashkil etuvchi “Tesla” aksiyalari 65%ga tushgan.

Asosiy pasayish Maskning “Twitter"ni sotib olishni e’lon qilinganidan keyin sodir bo‘lgan.

2022-yilning oktabrida Ilon Mask “Twitter"ni sotib olish bo‘yicha $44 mlrdlik kelishuvni yakunlab, ijtimoiy tarmoq rahbariga aylangan edi.

Mutaxassislarning fikricha, milliarder daromadining sof qiymati o‘rtacha daromad topadigan odamnikiga nisbatan ancha o‘zgaruvchandir.

Buning sababi milliarder boyligining asosiy qismi odatda aksiyalar va investitsiyalar shaklida ekanligidadir. Shuningdek, ushbu investitsiyalarning bozor bahosi o‘zgarib turishi sababli ularning egasining aniq boyligi ham o‘zgarib turadi.

Ilon Mask o‘tgan yili dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatidagi yetakchilikni milliarder Bernard Arnoga boy bergandi. O‘shanda uning boyligi $176,8 mlrdga baholangan.

12-yanvar holatiga ko‘ra, “Forbes” Arnoning boyligini $203,7 mlrd, Maskniki esa $146,5 mlrd deb baholagan.

Avvalroq “Forbes” Ilon Maskni 2022-yilda eng katta yo‘qotishlarga uchragan beshta milliarder ro‘yxatiga kiritgandi.