DSQ 2022-yilda soliq tushumlari hajmi 16%ga oshgani haqida xabar bergandi. Jumladan, Jizzax (34,3%), Samarqand (34,0%), Farg‘ona (33,4%), Sirdaryo (30,9%), Buxoro (30,8%), Qoraqalpog‘iston (33,2) va Toshkentda (38,1%) soliq tushumlari sezilarli o‘sgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining ishbilarmonlik faolligi tahliliga ko‘ra, soliq tushumlarining o‘sishiga elektron hisob-faktura, onlayn kassa, “Cashback”, “E-ijara”, “Soliqchi ko‘makchi”, “tax.gap” kabi yangi raqamli vositalarni, tovarlarni raqamli markalash, milliy katalog (tasnif.soliq.uz) va boshqalar ta’sir qilgan.

Manbalar bo‘yicha aylanma solig‘i tushumlari 152%ga, QQS 128%ga, daromad solig‘i tushumlari 157%ga oshgani joriy yilning oxirigacha ushbu o‘sish darajasini saqlab qolish imkonini berdi.

Tahlil qilinayotgan davrda bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlar 2021-yilning shu davriga nisbatan 38,5%ga oshgan. Bojxona tushumlarining eng katta o‘sishi Andijon (63,7%), Jizzax (49,5%), Sirdaryo (44,6%), Farg‘ona (42,5%) viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston (39,4%) hamda Toshkentda (41,7%) kuzatildi.

Natijaga ko‘ra, sohani raqamlashtirish yo‘nalishida 7 ta axborot tizimi va 4 ta interaktiv xizmat ishga tushgan.

Jumladan, bojxona organlari faoliyatida korrupsiyaviy omillarni minimallashtirishga qaratilgan “Korrupsiyaviy xavflarni boshqarish” axborot tizimi hamda tovarlarni “chegara — rasmiylashtiruv postlari” zanjiri asosida nazorat qilishning yagona tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Bojxona va yuk operatsiyalari” axborot tizimi ishga tushirildi.

Shuningdek, deklaratsiyalovchi shaxslar tomonidan hujjatlarni takroran taqdim etish amaliyotini bekor qilib, ushbu hujjatlarni elektron jamlashga qaratilgan “E-Arxiv” axborot tizimi hamda eksport meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan avtotransportlarni davlat chegarasidan tezkor o‘tishini tashkil etishga qaratilgan “E-Navbat” xizmati joriy qilindi.

Yuk deklaratsiyalarini avtomatik rasmiylashtirish hajmi 1,4%dan 39%ga yetkazilib, bu ko‘rsatkich eksportda 35%ni tashkil qildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshidan 31 dekabrga qadar tovarlar eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,1%ga oshgan. Eksportning sezilarli o‘sishi Sirdaryo (42,8%), Andijon (36,4%), Samarqand (23%), Namangan (22,7%), Qashqadaryo (22,3%) va Toshkentda (47,5%) kuzatildi.

O‘zbekiston eksportining o‘sishi sanoat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportining o‘sish sur’atlari oshgani bilan izohlanadi.

Eksportning kamayishi Surxondaryo (-23,3%), Buxoro (-2,1%), Jizzax (-1,1%) va Qoraqalpog‘istonda (-13,6%) kuzatildi.

Surxondaryoda eksport hajmining qisqarishi meva-sabzavot mahsulotlari va ip-kalava eksporti, Buxoroda esa paxta tolasining ichki bozorga yo‘naltirilishi kamayishi bilan bog‘liq. Jizzaxda ip-kalava, Toshkentda mis, Qoraqalpog‘istonda plastmassa, farmatsevtika mahsulotlari va ip-kalava eksporti qisqardi.

ishbilarmonlik

2022-yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha bo‘lgan davrda tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,3%ga oshdi.

Kreditlar berish hajmi Farg‘ona (28,7%), Xorazm (22,2%), Samarqand (20,3%), Toshkent (12,0%), Qoraqalpog‘iston (13,9%) va Toshkent (14,6%) shaharida sezilarli darajada oshgan.

Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida amalga oshirilgan bitimlar hajmi 35,7%ga o‘sdi. Birja faoliyatining sezilarli o‘sishi Xorazm (52,1%), Samarqand (46,9%), Navoiy (46,7%), Jizzax (37,9%) hamda Toshkentda (41,6%) kuzatildi.

Avvalroq, 2023-yilda soliq siyosatidagi o‘zgarishlar haqida xabar berilgandi.