24 kishidan iborat o‘zbekistonlik mehnat migrantlari Buyuk Britaniyadagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan fermalarda mavsumiy ishlash uchun yuborildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Mehnat migrantlarining mazkur davlatga ishga yuborilishi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Buyuk Britaniyaning “Pro-Force” rekruting kompaniyasi o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik ishlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha doirasida 2023-yil mobaynida 1,5 ming nafar O‘zbekistondan ishchi kuchlarini jalb etish ko‘zda tutilgan. 2022-yilda esa 2 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik ushbu mamlakatda mavsumiy ishlashga yuborilgan.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad Britaniya hukumati tomonidan mavsumiy xorijiy mehnat migrantlari uchun ajratilgan 40 mingdan ortiq kvota doirasida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb etish hamda mamlakat mehnat migratsiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.

Avvalroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish, ularning xorijda huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot bergandi.

Xorijning vakolatli tashkilotlari va ish beruvchilari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya, Bolgariya, Latviya, Polsha, Germaniya, Serbiya, Finlyandiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 112 ta tashkilot bilan hamkorlik kelishuvlari imzolanib, ularda 15 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlangan.

Xususan, 2022-yilda Rossiya, Koreya, Qozog‘iston, Germaniya, Serbiya, Yaponiya, Angliya, Turkiya kabi davlatlarda 36 mingga yaqin fuqaro manzilli ishlarga joylashtirildi.

Shuningdek, muzokaralar natijasida Koreyaga 4901 nafar, Angliyaga 78 nafar, Germaniyaga esa 63 nafar fuqaro ishga jo‘natilgan.

Bugungi kunda chet elda ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun Germaniya, Ruminiya, Vengriya, Angliya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning turli sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilmoqda.