“Bloomberg” nashri 1-fevral holatiga dunyodagi eng boy odamlarning “Bloomberg Billionaires Index” reytingini e’lon qildi.

Unda tadbirkor Alisher Usmonov joriy yil boshidan buyon ishlab topgan $1,2 mlrd.lik daromadi bilan Top-500 talikda 81-o‘rinni egalladi. Tadbirkorning umumiy boyligi $19,7 mlrd.ga baholangan.

Mazkur reytingda yetakchilikni Bernard Arno egallab turibdi. “Louis Vuitton” va “Sephora” kompaniyalari rahbarining bir oyda ishlab topgan daromadi $29 mlrd.ni tashkil etib, jami boyligi $191 mlrd.ga yetgan. Undan $22 mlrd kam boyligi bilan Ilon Mask ikkinchi o‘rinda turibdi.

Alisher Usmonov “Metalloinvest”, “Udokan mis” va “MegaFon"ni o‘z ichiga olgan “USM” guruhining asoschisi va eng yirik aksiyadori (49%) hisoblanadi.

U “Forbes” talqini bo‘yicha rossiyalik eng boy milliarderlar ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egalladi. Jurnal uning boyligini $11,5 mlrd.ga baholagan.

Shuningdek, 2022-yilning yakunida dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida tadbirkor $11,5 mlrd boyligi bilan 167-o‘rinni egallagan.

Avvalroq, Alisher Usmonovning Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi boshqaruvini tark etishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.

Usmonovning “RSPP” rahbari nomiga yozgan arizasida u pensiyaga chiqishi va faol mehnat faoliyatini yakunlaganligi munosabati bilan Byuro aʼzoligidan ozod etilishini soʻrashi haqidagi bayonoti surati “BRIEF” telegram kanalida eʼlon qilindi.