Prezident poytaxt jamoatchilik vakillari va mutasaddilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

“Spot” yig‘ilishda ilgari surilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


Poytaxtda ikki ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi

Toshkentning elektr energiyasi va tabiiy gazga ehtiyoji tobora ortib borayotgani hamda energetika masalalarini to‘liq hal qilish uchun barcha hisob-kitoblar qilingan.

Shaharda kamida 2000 megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish mumkinligi qayd etildi.

Natijada ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari va tadbirkorlik binolarining tom qismi, sanoat zonalari hududi, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin.

Bu choralar ko‘rilsa, hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilda kutilayotgan 240 mln kilovatt soatlik talabni 4 baravar ortig‘i bilan, ya’ni 1 mlrd 80 mln kilovatt soat hajmda ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ladi.


Tadbirkor va aholi ishlab chiqargan elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olinadi

Prezident elektr ishlab chiqarishda davlat monopoliyasidan ketib, raqobatli muhit joriy qilish zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, panel o‘rnatgan tadbirkorlar ishlab chiqargan elektrni davlat kafolatli sotib oladi. Keyingi yildan esa boshqa iste’molchilarga ham sotishi mumkin bo‘ladi.

Aholi o‘z xonadonida quyosh paneli o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq tarmoqqa sotgan elektr energiyasining har bir kilovati 1000 so‘mdan sotib olinadi. Hozirgi tarif — 295 so‘m.

Qayd etilishicha, mablag‘lar har oyda hisob-kitob qilinib xonadon egasining plastik kartasiga o‘tkazib beriladi.


Qayta tiklanuvchi energiya tizimini joriy etishga $1 mlrd yo‘naltiriladi

Toshkentni energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida prezident tomonidan quyidagi qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi:

  • sanoat zonalari va yirik korxonalarda quyosh panellari o‘rnatish orqali 400 mln kilovatt soat elektr chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash;
  • ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga 75 mln kilovatt soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlash;
  • Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli yirik quyosh elektr stantsiyasini qurish;
  • poytaxtdagi sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini 1%ga kamaytirish va energiya samaradorligini 3%ga oshirish;
  • 1 817 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimini to‘liq yangilash;
  • 300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilab, yo‘qotishlarni 5%ga kamaytirish.

Umuman, Toshkentda qayta tiklanuvchi energiya tizimini joriy qilish uchun $1 mlrd yo‘naltiriladi.


Oilaviy tadbirkorlikka 300 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi

2023-yili Toshkentda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun 20 trln so‘m kredit yo‘naltiriladi, oilaviy tadbirkorlik uchun 300 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 14 ta yirik savdo kompleksini ishga tushirish va12 mingta savdo-servis obyektlari tashkil etishni ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, 57 ta mehmonxona, 3,5 mingta umumiy ovqatlanish va mahallalarda 7 mingta savdo-servis obyektlari ishga tushiriladi.


584 ta mahallaning har biriga qo‘shimcha 1 mlrd so‘m ajratiladi

Mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun Toshkentga 1,4 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Shuningdek, “Ochiq budjet” doirasida mahallalar infratuzilmasiga 573 mlrd so‘m ajratiladi.

Prezident mahallalarni obodonlashtirish, tarmoqlar, yo‘llar, suv inshootlarini ta’mirlash ishlariga yana qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’kidladi.

Shuning uchun shahardagi 584 ta mahallaning har biriga budjetdan qo‘shimcha 1 mlrd so‘mdan, jami yana 584 mlrd so‘m ajratishga qaror qilindi.


1-aprelga qadar poytaxtga qo‘shimcha 1 mingta avtobus olib kelinadi

Shaharda tirbandlikni qisqartirish, odamlarning uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan ishlarni davom ettirib, 1-aprelga qadar qo‘shimcha 1 mingta avtobus olib kelinadi hamda 25 ta ko‘chada avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etiladi.

Yil yakunigacha 233 ta chorrahadagi svetoforlarni yo‘lovchi oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, 20 ta oqim yuqori ko‘chalarda xususiy sheriklik asosida jami 10 ming o‘rinli parkomatlar tashkil qilinadi.

Chilonzor, Yunusobod va Yashnobod tumanlaridagi shaharga olib kiruvchi 6 ta metro bekati atrofida avtoturargohlar tashkil qilinib, tayyor biznes sifatida auksionga chiqariladi.


Shaharda bosh reja bo‘lmaguncha, yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinadi

Prezident qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, yashil maydonlar tashkil qilish ishlari qurilishlar bilan hamohang olib borilmayotganini tanqid qildi.

Shu bois, shaharning bosh rejasi tasdiqlanmaguncha yangi qurilishlarga moratoriy e’lon qilinishi ta’kidlandi.

2023-yilda Toshkentning yashillik darajasini 28%ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi bog‘ tashkil qilinadi. “Toshkent yashil belbog‘i” loyihasi boshlanib, bahor mavsumida 525 ming tup daraxt va butalar, 20 mln tup gul ko‘chatlari ekiladi.


Poytaxt chiqindisini qayta ishlash kamida 50%ga yetkaziladi

Yig‘ilishda poytaxtda chiqindi bilan ishlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Toshkentda yiliga 700 ming tonna chiqindi hosil bo‘lishi bilan, bugungi kunda bor-yo‘g‘i 18%i qayta ishlanmoqda.

Bundan tashqari, chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ham mutlaqo qoniqarsizligi ta’kidlandi.

“Maxsustrans” faoliyatini isloh qilish, uning moliyaviy ahvolini yaxshilash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga shahar chiqindisini qayta ishlashni kamida 50%ga yetkazish vazifasi qo‘yildi.