O‘zbekiston hukumatining Misrga tashrifi davomida mamlakat kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, qo‘shma loyihalar va ikki tomonlama hamkorlikni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining matbuot xizmati.

Xususan, “ElAraby Group” kompaniyasi bilan maishiy texnika ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha muhokama olib borildi. Yakunda bu bo‘yicha loyihani ishlab chiqishni boshlashga kelishilgan.

“Orascom Investment Holding” kompaniyasi bilan geologiya, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tog‘-kon va oziq-ovqat sanoatlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, mehmonxona majmualarini qurish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish masalasi kelishib olindi.

“Orascom Construction” kompaniyasi O‘zbekistonda keyinchalik uning hududida lak-bo‘yoq hamda qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirgan holda sanoat parkini tashkil etish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sanoat korxonalari — kompaniya hamkorlarini jalb qilishga qiziqish bildirdi.

“Poliserve” kompaniyasi bilan o‘tgan uchrashuvda kimyo sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“ACDIMA” kompaniyasi bilan “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hududida dori vositalari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Cottonil” kompaniyasi to‘qimachilik sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqmoqda. Qashqadaryoda tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihani tashkil etish masalasi kelishib olindi.

Avvalroq, O‘zbekiston va Misr ishbilarmonlari biznes kengashi tuzilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, ikki mamlakat farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatning “Elsewedy Electric” kompaniyasi O‘zbekistonda transformator ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishi mumkin.