Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonga xorijdan qiymati $633,1 mln.lik 13 ta samolyot import qilingan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Samolyot importi bo‘yicha Germaniya yetakchilik qilmoqda. O‘tgan oyda mamlakatdan qiymati $421,7 mln.lik 6 ta samolyot import qilingan.

Natijada Germaniyadan xarid qilingan samolyotlar jami import hajmining qariyb 66,5%ini egallagan. Undan keyingi o‘rinda 66,7 mln.lik 4 ta samolyot importi bilan Litva turibdi.

Shuningdek, Fransiyadan $64,3 mln.lik, Singapurdan $61,6 mln.lik hamda Buyuk Britaniyadan $18,8 mln.lik bir donadan samolyotlar eksport qilingan.

O‘tgan yilning oktabr oyida yangi “Silk Avia” aviakompaniyasi 2025-yilgacha 10 ta ATR 72−600 samolyotlarini xarid qilishi haqida xabar berdi.

Noyabr oyiga borib, kompaniya bilan “Franko-Italiya” konserni “ATR” o‘rtasida beshta yangi ATR 72−600 samolyotlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Dekabr oyida “Silk Avia” kompaniyasining birinchi samolyoti texnik qabuldan o‘tkazildi hamda samolyotni Toshkentga olib kelish bo‘yicha zarur eksport sertifikati tayyorlandi.

Shuningdek, Fransiyadan 815 mln yevroga samolyot xarid qilishi haqida xabar berildi. Xususan, “Airbus"dan 694,3 mln yevroga 8 ta A320neo samolyoti va 4 ta A321neo samolyoti xarid qilinishi ta’kidlangan.

Yanvar oyida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 12 ta Airbus samolyotini xarid qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu bo‘yicha “Airbus” aviaqurilish kompaniyasi bilan A320neo oilasiga tegishli samolyotlarni xarid qilish uchun shartnoma imzoladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda yangi “Centrum Air” yo‘lovchi aviakompaniyasi tashkil etilib, o‘tgan oyda aviatashuvchining birinchi samolyoti olib kelindi.


Avvalroq “Spot” mamlakatdagi xususiy yo‘lovchi aviakompaniyalar faoliyati haqida yozgandi.